Toshkentning bosh rejasini 2020 yilda jamoatchilikka taqdim etish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Xidoyatov O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 23-yalpi majlisida.

Senator Zayniddin Nizomxodjayev bosh reja yo‘qligi sababli aholi bo‘lg‘usi buzilishlar va daraxtlar kesilishi to‘g‘risida ogohlantirilayotgani yo‘q va bu shahar aholisining noroziliklarini keltirib chiqarmoqda.

Davron Xidoyatov Toshkentning bosh rejasi 2013 yilda ishlab chiqilgani, biroq tasdiqlanmaganini ma’lum qildi. Hujjat loyihasi ustida turk kompaniyasi ish olib borayotgani va 2020 yilda taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

«O‘tgan yili [2013 yilgi bosh rejani] o‘rganishlar vaqtida u bugungi kunga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababdan turk kompaniyasi jalb qilingan holda bosh reja konsepsiyasi ishlab chiqildi va rahbariyatga taqdim etilib, tasdiqlatildi. Ayrim shaharlarda, masalan Moskva va Qozonda [bosh reja tuzishga] 5−8 yil sarflangan. Nafaqat ekologiya, balki barcha masalalarni ko‘rib chiqish lozim. 2020 yilda, jadvalga muvofiq, o‘ylaymanki, biz rejani qabul qilamiz, uni jamoatchilik va rahbariyatga taqdim etamiz», — dedi Davron Xidoyatov.

Avvalroq hokimning birinchi o‘rinbosari Toshkentning bosh rejasi 2019 yil apreliga qadar 3D formatda tayyorlanishini ma’lum qilgan edi. Uning ustida Xitoy, Turkiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ish olib borilayotgani qayd etildi.

Iyunda esa Buyuk Britaniyaning Benoy kompaniyasi Chirchiq daryosining qarama-qarshi tomonida 20 ming gektardan ziyod maydonga qurishni rejalashtirgan Yangi Toshkent master-rejasini taqdim etgan edi.