«Navro‘z» etnografik bog‘ida Toshkent shahar hokimligi hamda Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan tashkil etilgan «Magic Tashkent» shou festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Xalq so‘zi Online» xabar berdi.

Tadbirda ushbu festival o‘zbekistonliklar va xorijiy sayyohlarni loyihaga keng jalb qilish orqali poytaxtdagi o‘zgarishlar, yangilanishlarni namoyish qilish, o‘zbek milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish, yoshlarni madaniy hordiq olishi bilan birga ma’naviy ozuqaga ega bo‘lishlarini tashkil qilish maqsadida o‘tkazilgani aytib o‘tildi.

Festivalda milliy kuy-qo‘shiq va raqslar, folklyor ansambllari bilan birga, zamonaviy estrada xonandalarining konsert dasturlari, fokus va komik jamoalar namoyishlari taqdim etildi.