Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala kun tartibidagi navbatdagi masala bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga sudyaning maxsus kiyimi tavsifi va namunalarini ishlab chiqish topshirilgan.

Mamlakatda sud hokimiyatining nufuzini oshirish va sudyalarning mustaqilligini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy Kengashi, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud bilan birgalikda sudyalarning maxsus kiyimi namunalari ishlab chiqilgan.

Sudyalarning maxsus kiyimda faoliyat yuritishi mamlakatda odil sudlovni amalga oshirish borasida umume’tirof etilgan tamoyillardan kelib chiqqan holda sudyalarning maxsus kiyimi tasnifi va namunalari nafaqat milliy qadriyatlar, balki xorijiy davlatlar, ya’ni Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarning tajribasi o‘rganib chiqilgan.

Majlisda Senat tomonidan manfaatdor idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan sudyalarning maxsus kiyimi ko‘rinishining tavsifi bo‘yicha ma’lumot berildi.

Xususan, respublika sudlari sudyalari uchun maxsus kiyim rangi to‘q-ko‘k bo‘lsa, Konstitutsiyaviy sud sudyalari uchun to‘q-olcha rangda va tarkibi 70 foiz jundan iborat bo‘lishi belgilanmoqda.

Qayd etish joizki, sudyalik maxsus kiyimi to‘plami: maxsus kiyim, manishka va ipak bo‘yinbog‘-plastron sudyalarning individual tana o‘lchamlari bo‘yicha, faqatgina sudyalik guvohnomasi asosida buyurtmaga qabul qilinishi, sudyalik maxsus kiyimining to‘plami uchun ishlatiladigan mato qishki va yozgi holati bo‘yicha o‘zgarishi mumkinligi, shuningdek, sudyalik maxsus kiyimining foydalanish muddati — 2 yil etib belgilanmoqda.

Sudyalarning maxsus kiyimi tavsifi va namunasining tasdiqlanishi nafaqat «Sudlar to‘g‘risida"gi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida"gi qonunlari talabini amalda ijro etilishi, balki, odil sudlovni amalga oshirish borasida umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillarning milliy qonunchilikka joriy etilishi hamda sud hokimiyatining nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda respublikada mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 500 million so‘m qo‘shimcha xarajatlar talab qilinishi tegishli idoralar bilan kelishilgan.