Senatning yalpi majlisida tabiiy gaz quvurlari tizimi va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi ahvoli yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini tubdan isloh qilish, iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, aholi bilan muloqotlar, joylardagi o‘rganishlar, gaz quvurlari tizimi ahvoli, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili ushbu sohada qator tizimli muammo, kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 13 ming 291 kilometr magistral gaz quvurlarining 208 kilometri 10 yilgacha, 1 ming 564 kilometri 10 yildan 20 yilgacha, 11 ming 519 kilometri 20 yildan 30 yilgacha va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.

Shuningdek, magistral gaz quvurlaridan foydalanish muddati, shartlari va me’yorlari masalalariga oid qonun hujjatlarining ishlab chiqilmagani hamda quvurlar diagnostikasini to‘liq o‘tkazilmayotgani sabab ularning 67,7 foizining texnik holati ma’lum emas. Oqibatda, so‘nggi yillarda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga, atrof muhit, ijtimoiy ob’ektlar, gaz quvurlari va uskunalari xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi qator avariya hamda baxtsiz hodisalar sodir bo‘lmoqda. Ushbu holatlar quvurlarning yaroqsiz holga kelishi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi tufayli kelib chiqqan bo‘lib, ular natijasida faqat yo‘qotilgan gaz hisobiga 1,5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Parlament a’zolari iste’molchilarga tegishli, shu jumladan ko‘p qavatli uylardagi gaz quvurlari va uskunalaridan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanishda ko‘plab avariya hamda insonlar o‘limiga sabab bo‘layotgan baxtsiz hodisalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, bu holatlarning soni isitish mavsumida keskin ko‘paymoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, gaz quvurlarining nosozligi, avtomatik sozlash, nazorat qilish asboblariga ega bo‘lmagan isitish moslamalaridan foydalanish, isitish moslamalari, dudbo‘ronlar va shamollatish kanallaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi oqibatida fuqarolarning is gazidan zaharlanishi hamda boshqa favqulodda holatlar ro‘y bermoqda

Xususan, 2016−2017 va 2017−2018 yillardagi isitish mavsumlarida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq jami 144 ta holat sodir bo‘lib, ularda 306 nafar fuqarolar jabrlangan. Kelgusida bu kabi muammolarni oldini olish bo‘yicha tegishli vazifalarni amalga oshirish zarurligi aytib o‘tildi.

Shu munosabat bilan tegishli parlament so‘rovini yuborish zarurati yuzaga keldi. Masala senatorlar tomonidan ma’qullandi.