Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ayni paytda daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lib, salbiy ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66 foizga ortgan.

Huquqbuzarlarga nisbatan jami 4 milliard 524 mln. so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan va zarar o‘rnini qoplash belgilangan bo‘lsa-da, 1 ming 800 dan ziyod ma’muriy ish yuzasidan 3 milliard 72 mln. so‘m mablag‘ hanuzgacha undirilmagan.

Misol uchun, Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani «Iyk-ota» MFY, Toshkent-G‘azalkent-Chorbog‘ yo‘lida 155 tup daraxt qonunga zid ravishda yo‘l tashkiloti tomonidan kestirilgan va tabiatga 455 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Bu kabi salbiy holatlar aholining ekologik-huquqiy madaniyati darajasining pastligi, ayrim fuqarolar (brakonerlar)ning o‘z manfaati va ehtiyojlari yo‘lida o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan qonunga xilof tartibda foydalanishi oqibatida yuzaga kelgan.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali poytaxtning ayrim hududlarida daraxt va butalarni kesish bilan bog‘liq achinarli holatlar ta’sirchan tarzda keng yoritildi.

Amaldagi qonun hujjatlariga asosan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi daraxt va butalarni kesish bo‘yicha ruxsatnomalar reyestrini yuritishi va uni o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirishi belgilangan. Biroq, bu tartib hanuzgacha mutasaddi idoralarning ish faoliyatida joriy etilmagan.

Shu bilan birga, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2019 yil 1 martgacha daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha metodik qo‘llanmani ishlab chiqishi belgilangan bo‘lsa-da, mazkur hujjat hanuzgacha ishlab chiqilmagan.

Senat raisining ta’kidlashicha, daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlarni faqatgina ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda faol fuqarolar ko‘tarmoqda. Bu bo‘yicha Ekologik partiyaning tashabbusi ko‘rinmayapti. Ular bu borada faol bo‘lishi kerak. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi aynan Ekologik partiya bilan hamkorligini kuchaytirishi lozim.

Yuqoridagi kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, «O‘rmon to‘g‘risida"gi va «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunlarning ijrosini ta’minlashdagi kamchiliklarni bartaraf etish va mazkur sohadagi mutasaddi mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rish, daraxtlarni turli zararkunanda va kasalliklarga qarshi fitopatologik o‘rganish natijalari bo‘yicha ularga qarshi kurashish yuzasidan faoliyat samaradorligini oshirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar yuzasidan jazo choralarini kuchaytirish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘ridagi hamda Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilindi.