Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisida sentorlar tomonidan Andijon viloyatining Bo‘z tumani nomini Bo‘ston tumani deb o‘zgartirish taklifi bo‘yicha masalani ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilganidek, Bo‘z tumaniga 1950 yilda asos solingan bo‘lib, aholisi 70 ming 300 kishini, umumiy yer maydoni 200 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bo‘z tumani dastlab tashkil etilganda ushbu hududda aholi istiqomat qilmagan, botqoqlik va qamishzorlardan iborat hudud hisoblangan. Mazkur yerlar qisqa muddat ichida o‘zlashtirilib, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Aholining turmush sharoiti yaxshilanib, dam olish maskanlari yaratildi.

Bugungi kunda tumanda 84 ta sanoat korxonasi, jumladan, paxta tozalash zavodi, 541 ta kichik biznes sub’ekti, 321 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, 4 ta qo‘shma korxona hamda 19 ta oilaviy korxona mavjud. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar soni 13 tani tashkil qiladi.

Shu munosabat bilan, Bo‘z tumani nomini hududning hozirgi kun qiyofasiga mos ravishda Bo‘ston tumani, ya’ni obod va gullab yashnagan hudud nomiga o‘zgartirish taklif etilmoqda.

Mazkur o‘zgarish Andijon viloyatining Bo‘z tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, xususan istiqbolli rejalarni belgilash, fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, infratuzilmalarni yaratish, eng asosiysi aholining turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Masala senatorlar tomonidan ma’qullandi.