Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tayotgan aeroportlarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi Inter Airport Europe 2019 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

22-marotaba tashkil etilgan ko‘rgazma havo transporti texnikasini rivojlantirish, aeroport va terminallar uchun uskunalar, aerodromlarda ishonchlilik va xavfsizlik, samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi masalalarni qamrab olgan. Ko‘rgazma doirasida aeroport faoliyatining dolzarb masalalari bo‘yicha seminar va davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ko‘rgazmaning birinchi kuni delegatsiya vakillari Inter Airport Europe 2019 ko‘rgazmasida qatnashib, aeroportlar sohasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlab chiqilgan eng so‘nggi texnika va texnologiyalar bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrifning ikkinchi kuni guruh a’zolari Yevropaning ilg‘or rivojlanib borayotgan Myunxen aeroportining tajribasi bilan yaqindan tanishishdi. Aeroportga uyushtirilgan tashrif davomida uning infratuzilmasi, bu yerda ishlatilayotgan uskunalar va aeroport ishini tashkil etish borasida qo‘llanilayotgan texnologik yechimlar borasida batafsil ma’lumot berildi.

Shu kuni aeroportning konferensiyalar zalida Myunxen aeroportining rivojlanish konsepsiyasi mavzusida maxsus taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimot so‘ngida Ilhom Maxkamov Myunxen xalqaro aeroportining boshqaruvchi direktori Ralf Gaffal bilan muzokaralar olib bordi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra O‘zbekistonlik kadrlarni Myunxen xalqaro aeroportida amaliyot o‘tashi hamda milliy kadrlar uchun aeroportlar boshqaruvi bo‘yicha Germaniyada maxsus o‘quv kurslarini tashkil qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Myunxen aeroporti hozirda Germaniyadagi Frankfurtdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi Yevropadagi eng yirik xablardan biri bo‘lib, 2018 yil davomida 368 ming tonnadan ortiq yuklarni qayta ishlagan, 46,3 million yo‘lovchi hamda dunyoning 74 mamlakatining 264 shahridan keluvchi 413 mingdan ortiq parvozlarga xizmat ko‘rsatgan. Bir yillik tovar aylanishi 1,5 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 150 million yevro miqdorida sof foyda olgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi «O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasini tubdan isloh qilish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK negizida 2 ta kompaniya «Uzbekistan airways» va «Uzbekistan airports» aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.