Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an chorshanba kuni Suriya shimolida «Tinchlik bulog‘i» kontrterroristik operatsiya boshlanganini e’lon qildi, deya xabar berdi Euronews telekanali.

Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyadan ko‘zlangan maqsad — «respublika chegaralari bo‘ylab yaratishga harakat qilinayotgan terroristik yo‘lakni yo‘q qilish hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash»dan iborat. «Biz Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab qolamiz va mahalliy hamjamiyatni terroristlardan ozod qilamiz», — deb yozdi u Tvitterda.

Operatsiya kurdlarning «O‘z-o‘zini mudofaa qilish xalq kuchlari» pozitsiyalariga aviazarbalar berish bilan boshlandi. Turkiya samolyotlari Ras-al-Ayn, Tel Abyad, Qamishli va Ayn Isa kabi aholi punktlari hududlaridagi terror nishonlariga havo zarbalarini berdi. Bir necha soatdan so‘ng turk harbiylari yer usti operatsiyasini boshladi.

«Demokratik Suriya kuchlari» koalitsiyasi javob tariqasida chegaradosh turk shaharlariga minomyotdan zarbalar berdi va Suriyaning Al Hasaka provinsiyasidagi bir qator neft minoralarini yoqdi. Tinch aholi vakillari o‘rtasida qurbonlar borligi haqida xabarlar kelib tushmoqda, deya ma’lum qildi telekanal.

Turkiyaning qarorini AQSH va Yevropa ittifoqi davlatlari muhokama qildi. Prezident Donald Tramp Turkiya uchun buning oqibatlari sanksiyalardan ko‘ra kengroq bo‘lishini ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti. «Men sanksiyalardan ko‘ra ko‘proqqa boraman. Men sanksiyalarga va sanksiyalardan ko‘ra kattaroq (choralarga) roziman», — dedi u jurnalistlarga. Operatsiya boshlangunga qadar AQSH operatsiyada Amerika harbiy kuchlari ishtirok etmasligini va u o‘tkaziladigan hududni tark etishini ma’lum qildi.

Yevropa ittifoqi Turkiyani harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirib, aks holda Anqara suriyalik qochqinlar qaytishi uchun hozir qilishni rejalashtirayotgan betaraf hududni moliyalashtirishdan voz kechish bilan ogohlantirdi.

AQSH esa Suriya shimolidagi eng xavfli ID jangarilari asirlarini qochib ketmasligi uchun boshqa himoyalangan joylarga evakuatsiya qilishni boshlandi, deya ma’lum qildi Donald Tramp.