Qashqadaryo viloyati hokimiyati matbuot xizmati boshlig‘i Ahror Sodiqov dalada nevaralarining ko‘z o‘ngida dumbul tergan erkakning Mirishkor tumani hokimi tomonidan haqorat qilinishi bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritdi.

Uning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, hodisa 29 sentyabr kuni «Guliston» mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Tuman markazidan nevaralari bilan qaytayotgan Sayfulla Muhammadiyevning so‘zlariga qaraganda, nevaralari makkajo‘xori dalasidan makkajo‘xori terib, uyga olib borib, qaynatib berishini so‘ragan. U mashinasini to‘xtatib, dala egasini izlaydi.

«Nevaralar holi-jonimga qo‘yishmaganidan keyin „fermer qishloqdoshim bo‘lsa, ko‘rganda olganimni aytaman“ deb fikr qildim. Ungacha nevaralarim dalaga kirib, o‘n donacha makkajo‘xorini terib chiqishgandi. Shu payt tuman hokimi kelib qoldi. Bir tomondan hokimning „qattiq“ gaplari to‘g‘ri. Xato mendan o‘tdi. Ammo, asl bo‘lgan voqeani so‘zlab berishga imkoniyat bermadi. Turli xil kamsituvchi va obro‘sizlantiruvchi so‘zlar bilan siyladi», — deya Sayfulla Muhammadiyevning so‘zlarini keltirdi hokimiyat matbuot xizmati.

Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish rejalari sababli hissiyotga berilganini ma’lum qildi.

«Inkor etmayman, — deb so‘z boshladi tuman hokimi. — Haqiqatdan ham qizishib ketdim. Sababi, tumandagi g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekin sifatida makkajo‘xori, sabzi va dukkakli maxsulotlar yetishtirish bo‘yicha fermerlar bilan „Mirishkor stroy sentr“ MCHJ shartnoma tuzgan. Ushbu 1 million 500 ming AQSH dollariga teng mahsulotlar noyabr oyiga qadar Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilishini rejalashtirgan. Ammo, hozirgacha 417 ming dollarlik dukkakli mahsulotlar eksport qildi. Voqea sodir bo‘lgan joyda „Qurbonov Xolmurod“ fermer xo‘jaligi „Mirishkor stroy sentr“ MCHJ bilan shartnoma tuzgach, MCHJ 100 gektar maydonga 15 ming AQSH dollar evaziga fermer xo‘jaligiga Ispaniyadan 1 tonna 800 kg makkajo‘xori urug‘ini yetkazib bergan. Ayni paytda fermer xo‘jaligi yetishtirgan 600 tonna makkajo‘xori doni chet elga eksport qilinishi mo‘ljallanmoqda», — dedi tuman ma’muriyati rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tumanda ayniqsa tungi vaqtlarda ko‘p marotaba makkajo‘xori o‘g‘irliklari sodir bo‘lmoqda.

«Shu sababmi, bilmadim, qizishib ketdim. Sayfulla akani vaziyatni oydinlashtirishiga ham imkon bermadim. Keyin, ushbu videoni „Mirishkor stroy sentr“ MCHJ rahbariga jo‘natdim. Jamiyat rahbarlari ushbu videoni xodimlariga „e’tiborli bo‘linglar“ degan maqsadda jo‘natgan. Natijada ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketgan. Asl holatni bilib bo‘lganimda esa — kech bo‘lgandi. To‘g‘ri, hokim sifatida qo‘pol so‘zlarni umuman ishlatmasligim kerak edi. Xato qildim va xatoyimni anglab yetdim. Buning uchun xalqimizdan uzr so‘rayman va bu holat takrorlanmasligiga va’da beraman. Menga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishiga ham roziman», — dedi hokim.