Xabar.uz nashri 7 oktyabr kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida joylashgan viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktab internati tarbiyalanuvchilarining polda uxlayotgani tasvirlangan bolalar fotosuratlarini e’lon qilgan edi.

Unda muassasadagi ayanchi ahvol, bolalar soni ko‘pligidan tarbiyalanuvchilar kutubxonada, polni ustida ko‘rpa to‘shab tunashga majbur bo‘layotganiga alohida urg‘u berilgan. Shuningdek, sovuq kunlarda yotoqxona va sinfxonalarni isitish juda sustligi, tekshiruvlar vaqtidagina sinf xonalari isitilishi, boshqa vaqtlarda yana o‘sha eski ahvol davom etishi ham alohida ta’kidlangandi.

9 oktyabr kuni O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati maktab kutubxonachisi va pedagoglar bilan suhbat o‘tkazgan Surxondaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalarini e’lon qildi.

Aniqlanishicha, 20 sentyabr kuni 3-«B» sinf o‘qituvchilari M.A. hamda S.Q. o‘quvchilarni darsdan olib chiqib, maktab-internati kutubxonasiga polga matras ko‘rpalarni to‘shab, o‘quvchilarni yotqizgan holda rasmga olgan. So‘ngra o‘quvchilarni yotoqxonadagi o‘zlarining yashash joylariga chiqarib yuborgan. Ushbu holatni maktab-internat o‘qituvchisi B.J. ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Ishchi guruh vakillari 3-«B» sinf o‘quvchilari bilan ham suhbat o‘tkazdi. Ular hech qachon polda yotmaganligini va barcha o‘quvchilarga o‘qish hamda yotoqxonalarda to‘liq shart-sharoitlar yaratilganligini ma’lum qilishdi, deyiladi xabarda.

Surxondaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘qituvchilar B.J., M.A. va S.Q.ning ushbu xatti-harakatlarini qonun doirasida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tuman prokuraturasiga murojaat qildi.Hozirda ushbu holat bo‘yicha Sho‘rchi tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 265 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 206 nafari muassasasa yotoqxonasida istiqomat qiladi. Qolgan 59 nafar o‘quvchi o‘z uyidan maktab-internatga qatnab o‘qiydi, deya qayd etdi XTV.