2019 yil 9 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi parlament eshituvi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llangan Murojaatnomasi muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Avval xabar berilganidek, joriy yil 2 oktyabr kuni parlament quyi palatasiga O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash yuzasidan murojaatnoma kelib tushgan edi. Shu kuniyoq Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘z yig‘ilishlarini o‘tkazdilar. Ularda fraksiya rahbarlari va a’zolari bilan birga, palata qo‘mitalari raislari, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ullari ham ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda murojaatnomani o‘rganish barobarida davlat xaridlarida fermerlar tomonidan yetishtirilgan g‘allaga narx belgilashning mavjud mexanizmi fermerlar va don korxonalariga qanchalik iqtisodiy manfaat keltirayotgani, ushbu sohadagi bozor iqtisodiyoti talablarining sifat darajasi, bunda mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi hamda iste’molchi o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan kelib chiqib, murojaatnomada bildirilgan muammo va takliflarni har tomonlama o‘rganib chiqish hamda uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Ishchi guruhlar tomonidan murojaatnomada keltirilgan taklifni hududlarga chiqqan holda, don korxonalari, fermer xo‘jaliklari, don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hamda iste’molchilar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, har taraflama o‘rganishga kelishib olindi.

Shundan so‘ng uch kun davomida deputatlar tomonidan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati hududlarga chiqib o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida deputatlar tomonidan minglab fermer xo‘jaliklari vakillari bilan bevosita uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi. Majlisda ana shu o‘rganish yakunlari atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham olib borilayotgan islohotlar natijasida qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Don mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek g‘allani xarid qilish, un va non mahsulotlarini realizatsiya qilish sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish va bunda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, 2018 yilning 15 sentyabridan boshlab respublikada oliy navli un va qolipli non bozordagi talab va taklif asosida shakllangan erkin bozor narxlarida sotilishi uchun huquqiy asoslar belgilab berilganligi un va qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar moliyaviy ahvolining nisbatan yaxshilanishiga olib kelgan.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda 1 tonna bug‘doyning kafolatlangan xarid narxi 1 mln. 200 ming so‘m miqdorida belgilanishi hamda olingan hosildorlikka qarab 25 foizgacha ustama belgilanishi natijasida joriy yilda 1 tonna bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi 1 mln. 420 ming so‘mni tashkil etgan.

Shu tariqa fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi hamda faoliyatining samaradorligi oshishiga imkon yaratilgan.

Joriy yilda boshoqli don hosildorligi o‘rtacha 65 sentnerni tashkil qilib, yalpi hosil 7 mln. tonnani tashkil etgan hamda davlatga 3 mln.
555 ming tonna yoki rejadagiga nisbatan 532 ming tonna ortiqcha don topshirilgan.

Bundan tashqari, donni qayta ishlash korxonalari va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda narx-navoning oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30 sentyabrdagi «Donni qayta ishlash korxonalari va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi
qarori bilan mahalliy dondan ishlab chiqarilgan un mahsulotiga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha mavjud imtiyoz 2020 yilning 1 iyuligacha uzaytirilgan. Bundan tashqari, mahalliy undan tayyorlangan qolipli nonni ishlab chiqarish va sotish 2020 yilning 1 iyuligacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilangan.

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan fermerlar murojaatnomasida ko‘tarilgan masalalar va takliflar joylarga chiqqan holda o‘rganilganda, bu borada qator o‘z yechimini ko‘tayotgan muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, g‘alla yetishtirish va uni qayta ishlash sohasining asosan davlat tomonidan boshqarilishi, xarid narxlarning belgilanishi don korxonalari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida qabul qilingan g‘alla uchun hisob-kitobning yakuniga yetkazishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada mablag‘larning o‘z vaqtida to‘lab berilmayotgani fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy holatiga salbiy ta’sir etmoqda.

Shuningdek, don korxonalarining ham un ishlab chiqarishda ma’lum miqdorda zarar ko‘rib, fermer xo‘jaliklari oldidagi kreditorlik qarzdorligi oshmoqda. Don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagani, mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchi o‘rtasida samarali tizim yaratilmaganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bu esa, turli xil suiistemolchiliklarni ham keltirib chiqarmoqda.

Joylardagi o‘rganishlar yana shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim hollarda aholi tomonidan non mahsulotlari isrof etilmoqda.

Parlament eshituvida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan savollarga Qishloq xo‘jalik vazirligi mutasaddisi atroflicha javob qaytardi. Ochiq muloqot, bahs-munozara ruhida o‘tgan eshituvda qator vazirlik va idoralar mas’ullari, xususan, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, respublikamizning qator viloyatlaridan kelgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarining bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi.

Ana shu muhokamalardan kelib chiqib, majlis ishtirokchilari bunday sharoitda g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning mashaqqatli mehnati mahsuli bo‘lgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimining bozor mexanizmlari asosida shakllantirilishi muhim ahamiyat kasb etadi, degan yakdil qarorga keldilar.

Deputatlar hukumat don sotib olish, un va qolipli non mahsulotlarini sotish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta ko‘rib chiqqan holda, fermer xo‘jaliklari, don korxonalari va iste’molchilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bozor mexanizmlariga o‘tkazish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi lozimligini ta’kidladilar. Shuningdek, fermer xo‘jaliklarida g‘alla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini hamda boshqa resurslarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi. Bunda rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada g‘allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida g‘allani erkin narxlarda sotish tizimini yaratish chora-tadbirlarini ko‘rish tavsiya qilindi.

O‘z navbatida, parlament a’zolari Moliya vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda don, un va non mahsulotlari narxlari to‘liq erkinlashtirilishi natijasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirish, davlat tomonidan g‘alla yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirib borish darkorligini aytib o‘tdilar.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur eshituv yakuni bo‘yicha qabul qilingan palata qarorida hukumat, mutasaddi vazirlik va idoralarga qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtiriladigan don va uni qayta ishlashdan olinadigan un, qolipli non mahsulotlarini sotish, sotib olish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta ko‘rib chiqib, ushbu tizimga to‘liq bozor mexanizmlarini joriy etish, narxlarning erkinlashtirilishi bo‘yicha tegishli amaliy choralar ko‘rish yuzasidan qator tavsiyalar aks etdi.