5 oktyabr kuni tunda Toshkentda «Universalbank»ning poytaxt filiali bo‘lim boshlg‘ig‘i 26 yoshli Abbos A. o‘ldirildi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi fojia tafsilotlarini ma’lum qildi.

Shu kuni soat taxminan 4:30 larda uning murdasi bo‘yin sohasidan dazmol shnuri bilan bug‘ilgan xolatda topilgan. Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Abbos A.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan bug‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuz berganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 5 oktyabr kuni Toshkent prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qotillik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, Kamola A. turmush o‘rtog‘i Abbos A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi Otabek X. bilan jinoiy til biriktirib, Otabek X. 4 oktyabr kuni soat 19−00larda Abbos A.ning yashash uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkinib, Kamola A. bilan uning turmush o‘rtog‘i Abbos A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutadi.

5 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00−30larda yotoqxonaga kirib, Abbos A. uyg‘oq bo‘lganligi sababli uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarbalar berib, so‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin soxasidan bo‘g‘a boshlagan.

Natijada, Abbos A. o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtida Kamola A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuz qismiga yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitib, Abbos A.ni qasddan o‘ldirishgan.

So‘ngra, Otabek X. xonadonda bo‘lgan marhum Abbos A.ga tegishli 2 ta uyali telefon apparati, 500 dollar va 110 ming so‘m pullarini hamda jinoyat izlarini yashirish maqsadida sherigi Kamola A.ga tegishli 1 dona uyali telefon apparati va tilla taqinchoqlarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashirinadi. Kamola A. esa jinoyati fosh etilishini oldini olish va javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida shu kecha unga va turmush o‘rtog‘iga nisbatan noma’lum shaxslar tomonidan bosqinchilik sodir etilganligini aytib, marhumning ota-onasini o‘yg‘otgan.

Tergov davomida Otabek X.ning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv davomida Abbos A.ning uyidan olib ketilgan tilla buyumlar yerto‘laga yashirib qo‘yilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ish bo‘yicha 7 oktyabr kuni Otabek X. va Kamola A. jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bilan ayblov e’lon qilingan va ehtiyot chorasi sifatida «qamoq» qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.