Samarqand viloyatida joriy yilning sakkiz oyi davomida 354 nafar bir yoshgacha go‘dak va 13 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq vafoti ro‘yxatga olindi. Bu raqamlar viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tilga olindi. Videolavha 8 oktyabr kuni viloyat ma’muriyati matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Ushbu davr mobaynida 270 nafar tibbiyot xodimi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov onalar va bolalar o‘limi qayd etilgan Qo‘shrabot, Paxtachi, Oqdaryo, Narpay, Bulung‘ur, Urgut tumanlari va Samarqand shahar tug‘uruq majmualari faoliyatini tanqid qildi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘uruqlar uchun zarur sharoitlar yo‘qligi, ularning kasallik tarixi noto‘g‘ri yuritilayotgani, birinchi yordam dori vositalari, karavotlarda ko‘rpachalar mavjud emasligini aniqladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun intensiv palatalar hamda og‘ir ahvoldagi go‘daklar uchun birinchi yordam ko‘zda tutilmagan.

Oqdaryo tumanida kesarevo usulida jarrohlikka kech ko‘rsatmalar berilgani sababli to‘qqiz oy ichida 5 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan. Markaziy kislorod ta’minoti mavjud emasligi sababli barvaqt tug‘ilgan go‘daklar uchun yagona bo‘lgan nafas olish uskunali ishlamayapti.

Ishlamayotgan nafas olish uskunasi.

Jomboy tumanidagi tug‘uruq majmuasida navbatchi shifokorning noto‘g‘ri tashhisi sababli bemor ayol farzandidan va bola ko‘rish imkoniyatidan judo bo‘ldi, uning bachadoni olib tashlangan.

Narpay tumanida zarur dori vositalari va tibbiy jihozlar yo‘q. Paxtachi tumanidagi tug‘uruq majmuasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun birlamchi vositalar mavjud emas, B gepatitiga qarshi emlash uchun bir martalik ignalar ajratilmagan.

Erkinjon Turdimovning so‘zlariga ko‘ra, majmualar 70−80 foizga dori-darmonlar bilan ta’minlangan, biroq bemorlar ularni «retsept bo‘yicha emas, balki shifokorlar yozgan qog‘oz varaqalariga ko‘ra sotib olishlari kerak». «Dori-darmonlar mutaxassislar maslahat beradigan joylardan sotib olinadi», deyiladi lavhada.