Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi M-39 avtomagistral yo‘lida Turizm sohasini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda Jizzax viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shohrux Abdimurodov ma’lum qildi.

Jizzax viloyati geografik jihatdan O‘zbekistonning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, viloyat hududidan o‘tuvchi M-39 avtomagistral yo‘lidan kuniga 25 mingdan ortiq avtomobillar o‘tadi. Shuningdek, viloyatning Do‘stlik, Paxtakor, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlaridagi milliy uslubdagi umumiy ovqatlanish shaxobchalari mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish va avtomagistral yo‘llari bo‘ylab turizm xizmatlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Andijon viloyatining Xonobod shahridan Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga bog‘langan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahrigacha «O‘zbekiston turizm magistrali» turizm transport koridorini tashkil etish belgilandi.

Ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ikrom Mamajonov boshchiligida Jizzax viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi xamda tuman xokimliklari tomonidan «Turizm magistrali» turizm transport koridorini tashkil etish bo‘yicha xududlarda o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganishlar natijalariga ko‘ra M-39 avtomagistral yo‘li yoqasidan 2020−2021-yillarda tashkil etiladigan 4 ta yirik turistik majmuaga kerakli tavfsiyalar va tushuntirish ishlari olib borildi.

Avtomagistral yo‘llarda Turizm koridorini yaratishdan asosiy maqsad viloyatda turistlarning bo‘lish vaqtini uzaytirish va ularga yuqori sifatli qulayliklar yaratish xisoblanadi.