O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 15-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining ovqatdan ommaviy zaharlanishi sabablari o‘rganib chiqildi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabr kuni MTTning 19 nafar tarbiyalanuvchisi o‘tkir diareya va gastroenterit tashhisi bilan Bekbod tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash vazirligi qoshidagi Respublika DSENM xulosasiga ko‘ra, bolalarda kuzatilgan o‘tkir diareya va gastroenteritga taom tayyorlash texnologiyasining qo‘pol tarzda buzilishi, nomuvofiq taomnomahamda ovqatlanish bo‘limi va MTTning boshqa xodimlari (tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilar) tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilmaganligi sabab bo‘lgan.

15-sonli MTT mudirasi Raxmatullayeva Mohira Abdumalikovna, oshpaz Qaxramonova Shohida Abrorovna va hamshira Ergasheva Mavluda Ergashevna lavozim majburiyatlarini bajarmaganligi va loqayd hatti-harakati natijasi oqibatida bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi sababli, egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.

27 sentyabrdan 6 oktyabrgacha MTT faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan. Tashkilotda umumiy tozalash, dezinfeksiya tadbirlari va MTTdagi sanitariya-texnika vositalarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Xodimlarga sanitariya normalari va qoidalari bo‘yicha 3 kunlik o‘qish tashkil etilgan.

MTT 7 oktyabrdan boshlab ishga tushdi va tarbiyalanuvchilarni yana qabul qila boshladi.