5 oktyabr kuni Andijon shahridagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabida pedagoglar kaltaklangan, deya xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, maktabda soat 13:20 da ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. tomonidan kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yu. ga og‘zaki ogohlantirish berilganda, ular o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Tortishuv natijasida D.Yu. ularga turmush o‘rtog‘i bilan tahdid qilgan.

Soat 13:35 larda D.Yu. turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti bilan maktabga bostirib kirib, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. ni maktab kirish qismida temir tayoq bilan do‘poslagan.

Shu paytda ularni ajratgan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularni ham do‘pposlashga uringan. Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan.

Soat 14:00 da profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib kelgan, lekin D.Yu. ning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lgan.

Jabr ko‘rganlar shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialiga olib ketildi.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra Sh.O‘. miya chayqalishi, burun sinish, yuzining o‘ng qismining ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi kattiq zarbada jarohatlangani, G‘.A.ning miya chayqalishi, burun va ikki tishi sinishi, badani hamda chap qo‘lini zarbadan qattiq jarohatlangani aniqlangan.

Barcha muolajalar o‘z vaqtida qilinganligi sababli hozirda jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i yaxshi holatda hamda doimiy shifokorlar nazoratida. Andijon shahar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.