8 oktyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Birlashgan Arab Amirliklarining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Said Matar Sultan as-Siri al-Qamziyni qabul qildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Vazir elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, uni yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi va O‘zbekiston-BAA muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlar nuqtayi-nazaridan ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda hamkorlikning boshqa masalalari ham muhokama qilindi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

BAAning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Muhammad Harib Al-Muhayribiy sentyabrda diplomatik missiyasini yakunlagan edi.