5 oktyabr kuni soat 08:30 larda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi 23-umumta’lim maktabida pichoqbozlik sodir etildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, fuqaro B.Yu. (1982 y.t., ishsiz) turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro janjallashib, oshxona pichog‘i bilan qorin sohasiga bir marotaba uradi. Erkak ularni ajratmoqchi bo‘lgan maktab direktorini ham tanasining turli qismlariga uch marotaba pichoq bilan tan jarohati yetkazib, ularni qasddan o‘ldirishga suiqasd qilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni tuman prokuraturasi tomonidan B.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-(qasddan odam o‘ldirish) moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmokda.