2021 yilda Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasi ishga tushiriladi. Bu haqda deputatlar, amaldorlar va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakillari uchrashuvida ma’lum qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Sinov loyihasi yakunlari tahlil qilinib, so‘ngra tizimni mamlakatning oltita viloyatida joriy etish rejalashtirilmoqda. Respublikada majburiy tibbiy sug‘urta tizimini 2025 yilda to‘liq joriy etish rejalashtirilmoqda.

Hozirda majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, 2020 yilda tibbiy xizmatlarning yagona xaridchisi rolini bajarishga kirishuvchi Majburiy tibbiy sug‘urta fondi tashkil etiladi.

Fond byudjeti davlat byudjeti, jumladan tamaki, alkogol, tarkibida shakar, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlar va boshqa salomatlik uchun zararli mahsulotlar aksiz soliqlari hisobidan shakllantiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida qayd etilishicha, bosqichma-bosqich joriy etish tizim yutuq va kamchiliklarini tahlil qilish hamda amalga oshirish jarayonidagi kamchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi.

Idoralararo maxsus komissiya turli mamlakatlardagi majburiy tibbiy sug‘urta tizimini, JSST xalqaro ekspertlari esa O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining hozirgi holati hamda yangi tizimni moliyalashtirish va tibbiy xizmatlarni taqdim etish imkoniyatlarini o‘rgandi.