O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarining 2018 yil va 2019 yilning I choragida tadbirkorlik sub’ektlariga tabiiy gaz yetkazib berish borasidagi faoliyati o‘rganildi.

Tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ko‘rsatilgan davr mobaynida gaz ta’minoti korxonalari tomonidan jami 188,2 mlrd so‘m miqdorida asossiz daromad olingan, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati. 8701 ta holatda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalari tomonidan belgilangan tariflarni asossiz oshirishi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan oldindan to‘langan to‘lovlarni hisobga olmaslik kabi qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan.

Masalan, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan «Davr metall» MCHJ tomonidan 2018 yilning fevral oyida iste’mol qilingan 58 157 m³ tabiiy gaz uchun belgilangan 263,4 so‘m o‘rniga 1000 so‘mdan haq hisoblangan, natijada gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 42,8 mln.so‘m asossiz foyda olingan.

Shuningdek, «Gulobod Osiyo Parranda» MCHJ tomonidan 2018 yilning 1 noyabr holatiga 34,4 mlrd.so‘m oldindan to‘langan summa hisobga kiritilmagan va natijada 2018 yilning 1 noyabridan tariflarni oshishi munosabati bilan jamiyat qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilmagan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini viloyatlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, unda quyidagicha bo‘ladi:

Buxoro viloyati bo‘yicha — 300 holatda 407,6 mln.so‘m;

Jizzax viloyati bo‘yicha — 620 holatda 1 942,5 mln.so‘m;

Qashqadaryo viloyati bo‘yicha — 516 holatda 88 019,9 mln.so‘m;

Navoiy viloyati bo‘yicha — 22 holatda 59 150,4 mln.so‘m;

Namangan viloyati bo‘yicha — 302 holatda 1 770,2 mln.so‘m;

Samarqand viloyati bo‘yicha — 3737 holatda 11 935,0 mln.so‘m;

Sirdaryo viloyati bo‘yicha — 56 holatda 119,5 mln.so‘m;

Surxondaryo viloyati bo‘yicha — 509 holatda 10 534,1 mln.so‘m;

Toshkent viloyati bo‘yicha — 1203 holatda 3 290,4 mln.so‘m;

Farg‘ona viloyati bo‘yicha — 23 holatda 240,0 mln.so‘m;

Xorazm viloyati bo‘yicha — 1413 holatda 10 866,3 mln.so‘mni tashkil etadi.

Shu munosabat bilan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga berilgan vakolatlar doirasida mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida"gi Qonuni talablarini buzilishi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atildi va asossiz olingan daromadlarni iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi.

Bugungi kunda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarida asossiz olingan daromadlarni xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.