Facebook`da Shabnam Olloshkurova nomi ostida faoliyat olib boruvchi bloger va ingliz tili o‘qituvchisi Nafosat Ollashukurova sud qarori bilan Xorazm viloyati ruhiy asab kasalliklar dispanseriga joylashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

23 sentyabr kuni Xorazm viloyati ichki ishlar organlari tomonidan ichki ishlar vaziri qabuliga kirish uchun Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan shoir va jurnalist Mahmud Radjapov, uning yaqin qarindoshlari hamda Nafosat Ollashukurovaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Xuddi shu kuni Urganch shahar ma’muriy sudi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik), 194 (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 195 (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) va 202- (ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish) moddalari bilan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Mahmud Rajabov ham xuddi shu muddatga qamoqqa olindi.

Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, 26 sentyabrda Nafosat Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruhiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilgan. Psixiatrning tavsiyasi bilan u Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan.

Viloyat ruhiy asab kasalliklar dispanseri fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudiga murojaat qilib, fuqaro Nafosat Ollashukurova ruhiyatida o‘zgarishlar sodir bo‘layotgani, unda «Psixopodobniy sindrom, poronayalnыy sindrom» kasalligi alomatlari kuzatilgani qayd etiladi.

Xabarda ta’kidlanishicha, u o‘zi yoki atrofdagilar uchun bevosita xavf tug‘dirishi mumkin. Uning nochorligi, asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondirishga layoqatsizligi sababli, psixiatriya muassasasiga joylashtirish so‘ralgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining 30 sentyabrda hal qiluv qaroriga asosan, fuqaro Nafosat Ollashukurova g‘ayriixtiyoriy tartibda Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan. Hozirda Nafosat Ollashukurova Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida davolanmoqda, deya qayd etdi Bosh prokuratura.

Nafosat Ollashukurova o‘zining ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlashi haqida yozgan. U o‘z sahifasida davlat xizmatchilari harakatlaridan noroziligini bildirib, aholini amaldorlarning, jumladan Qashqadaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida xususiy mulklarning noqonuniy buzilishi vaqtidagi harakatlaridan himoyalash bo‘yicha birlashma va organ tashkil etishni taklif etdi.

Nafosat Ollashukurova so‘nggi marta Mahmud Rajab va qarindoshlarining piyoda yurishini jonli efirda e’lon qildi. Ular ichki ishlar vaziri bilan uchrashish hamda unga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini to‘xtatish, shuningdek ichki ishlar xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilayotganidan shikoyat qilish uchun 22 sentyabr kuni Toshkentga yo‘l olgan edi.

Yozuvlardan ko‘rinib turibdiki, Mahmud Rajabov boshchiligidagi guruh Gurlandan Urganchgacha masofani piyoda bosib o‘tadi. Yurish vaqtida Xorazm viloyat IIB boshlig‘i, Urganch hokimi va boshqa mansabdor shaxslar ular bilan uchrashishga chiqdi. Yozuv unga noma’lum shaxs hujum qilganidan so‘ng uziladi.

Nafosat Ollashukurovaning otasi Boltaboy Ollashukurov OAVga qizining hech qachon ruhiy kasalliklardan aziyat chekmaganini ma’lum qildi.