O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 4-oktyabr kuni xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018−2019-yillarda 400 dan ziyod holatda tibbiyot xodimlariga kuch ishlatildi, tan jarohatlari yetkazildi.

“Bugungi kundagi haqiqiy holat esa bundan ham ayanchli ahvolga kelib qolgan. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, tibbiyot muassasalarida, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda-kunora uchrab turmoqda”, — deyiladi xabarda.

“Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan bunday tajovuzlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosini qo‘llash mumkin bo‘ladi”, — deya qayd etdi vazirlik.