Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi Navoiyda fotoelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘ldi. Bu O‘zbekiston tarixida quyosh energetikasi bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik (DXSH) asosida investitsiya jalb etish yuzasidan o‘tkazilgan ilk ochiq tender hisoblanadi, deya xabar berdi Moliya vazirligi.

Jahon banki guruhining Scaling Solar dasturi doirasidagi DXSH loyihasini amalga oshirish mamlakat energetikasiga 100 MVt energiya qo‘shadi. Loyiha O‘zbekiston hukumatining 2030 yilgacha 5 GVt quyosh energiyasini ishlab chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlarining bir qismi hisoblanadi.

Masdar Clean Energy (Masdar biznes bo‘linmasi) ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 kVt / soatini 2.679 sentdan yetkazib berish taklifi bilan chiqdi. Moliya vazirligining qayd etishicha, bu rivojlanayotgan bozorlar uchun eng maqbul taklif hisoblanadi. Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning qayd etishicha, taxminan 3,5 sent darajasidagi narx kutilgan edi.

BAA kompaniyasi bilan shartnoma bir oy ichida tuziladi, elektr stansiyasi qurilishi esa 12 oy davom etadi.

Jamshid Qo‘chqorovning xabar qilishicha, birinchi tender natijalarini hisobga olgan holda hukumatga yaqin vaqtda quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha Samarqand va Jizzax viloyatlarida qo‘shimcha 400 MVt, undan keyin esa 500 MVtlik yana bir DXSH tenderini e’lon qiladi.

Birinchi tenderni o‘tkazish 16 oyni oldi, biroq kelgusi tenderlar 4−6 oy ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Tenderning boshqa ishtirokchilari

Tenderga «Acwa Power» (Saudiya Arabistoni), «Jinko Power» va «Aljoimah Energy & Water Consortium» (XXR/Saudiya Arabistoni); «Masdar» (BAA); «TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd» (XXR) va «Total Eren» (Fransiya) kabi 5 ta kompaniyaning tijoriy takliflari taqdim etildi.

«Acwa Power» kompaniyasi 1 kVt.s uchun 2,98 sent, «TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd» kompaniyasi 3,586 sent, «Jinko Power» va «Aljoimah Energy & Water Consortium» 3,702 sent, «Total Eren» 4,273 sent taklif qildi.