O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni «Davlat tili haqida"gi (1989 yil 21 oktyabr) qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

«Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir», — deyiladi hujjatda.

Qarorda qayd etilishicha, mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida — davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

«O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi — milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi», — deya qayd etiladi hujjatda.

Qaror bilan qonun qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi.

Ushbu sanaga bag‘ishlangan bayramona tadbirlar mamlakatdagi barcha shahar va tumanlarda o‘tkaziladi. Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovi o‘tkaziladi. Mamlakatdagi teatrlar va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalar haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyishi tashkil etiladi.

«O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda «O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari» mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkaziladi.

21 oktyabr kuni o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyga Toshkentdagi Milliy bog‘da, shuningdek, viloyat va shaharlarda o‘rnatilgan haykallar poyiga gul qo‘yish marosimi uyushtiriladi.

mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazsin va «O‘zbek tilining do‘stlari» klublarini tuzsin;

Mamlakatning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkaziladi va «O‘zbek tilining do‘stlari» klublari tuziladi.