3−6 oktabr kunlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining bosh kotibi Bog‘dod Amreyev O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Bog‘dod Amreyev O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Savdo-sanoat palatasida uchrashuvlar o‘tkazadi. Shuningdek, mamlakatda birinchi marta bo‘lib o‘tadigan TTDHKning Ishbilarmonlar kengashi majlisida va O‘zbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya tadbirkorlari ishtirokidagi Investitsion biznes forumida ishtirok etadi. Bog‘dod Amreyevga TTDHK Kotibiyati delegatsiyasi hamrohlik qiladi.

Qayd etish joizki, Turkiy olam Ishbilarmonlar kengashi majlisi va biznes forumi Toshkent shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasining faol ko‘magida o‘tkazilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sentyabr o‘rtasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilgan edi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi — xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 2009 yilda Ozarbayjonning Naxichevon shahrida tashkil etilgan. Faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Unga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo. Tashkilot kotibiyati Istanbulda joylashgan.