Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida «Markaziy Osiyo» Xalqaro iqtisodiy hamkorlik savdo markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi «Kazinform» Qozog‘iston tijorat va integratsiya vitse-vaziri Kayrat Torebayevga tayangan holda.

«Hozirda muzokaralar olib borilmoqda, bir qancha muzokaralarni o‘tkazdik hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegarada mayda ulgurji va chakana savdoning yangi formatini joriy etish, logistik xizmatlarni yaxshilash va chegaraviy kooperatsiya biznesini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan mazkur xalqaro markazni joylashtirish uchun beshta yerni tanlab oldik», — dedi Kayrat Torebayev.

U loyihani amalga oshirish bosqichida 10 ming, undan foydalanish bosqichida esa 40 mingta ish o‘rnini ochish rejalashtirilayotganini qayd etdi.

Tijorat va integratsiya vazirligi O‘zbekistonni Qozog‘istonning O‘rta Osiyodagi asosiy strategik hamkor hisoblaydi va umumiy qiymati 210 mln dollarni tashkil etuvchi 70 ta pozitsiya bo‘yicha tovarlarni eksport qilishni mo‘ljallamoqda.