Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 oktyabr kuni yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan majlisda O‘zbekiston yo‘llari holatini tanqid qilib, viloyatlar rahbarlari ularning sifati uchun javob bermasligini ma’lum qildi. bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturi xabar qildi.

«Biz iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash uchun avtomobil yo‘llarini rivojlantirish nuqtai nazaridan katta ishlarni amalga oshirishimiz kerak. So‘nggi yillarda biz avtomobil yo‘llari uchun juda ko‘p mablag‘ ajratdik… [Yo‘llar] bugungi talablarga mutlaqo javob bermaydi, desak to‘g‘ri bo‘lardi», — dedi davlat rahbari.

U yo‘l qurilishi sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish zarurligini ta’kidladi. Avtoyo‘llar qurilishi va ta’miriga xalqaro moliya institutlari va xususiy hamkorlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Bunday hamkorlik asosida xalqaro va davlat ahamiyatidagi 1600 kilometrlik yo‘llarni qamrab oluvchi 18 ta yirik loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Respublika avtomobil yo‘llari tarmog‘ining umumiy uzunligi 184 ming kilometr bo‘lib, ularning 42,7 ming kilometri umumiy foydalanishda, 67315 kilometri — xo‘jaliklararo, 61664 kilometri — shaharlar va boshqa aholi punktlari, 12093 kiloyetri — idoralararo avtomobil yo‘llaridir. 80 foizdan ortiq yo‘llar qattiq qoplamaga ega.

O‘zbekistonda barcha yuklarning 98 foizi, yo‘lovchilarning 88 foizi avtomobil yo‘llari orqali tashiladi.