Butun Iroq bo‘ylab hukumatga qarshi ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. To‘qnashuv va tartibsizlar chog‘ida eng kamida 20 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 1000 dan ziyod kishi jarohatlandi.

Ishsizlik, korrupsiya va yashash sharoitlari qiyinlashganiga qarshi namoyishlar 1 oktyabr kuni Bag‘dodda boshlandi va dastlab tinch ko‘rinishga ega edi, deya xabar qildi Euronews.

Namoyishlar to‘lqini qisqa vaqtda boshqa shaharlarga ham kirib bordi. Namoyishchilar hukumat iste’fosini talab qilib, yo‘llarni to‘sib qo‘ydi, davlat muassasalariga hujumlar uyushtirmoqda. Politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va o‘q otar qurollar bilan ularni qarshi olmoqda.

Poytaxt va boshqa yirik shaharlarda payshanbadan komendantlik soati e’lon qilindi. Bir qator provinsiyalarda internetga kirish to‘liq yoki qisman cheklandi. Mudofaa vaziri qarori bilan barcha harbiy qismlar jangovar shaylik tartibiga o‘tkazildi.