O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) kirish imkoniyatlarini o‘rganishni boshlaganiga uch yil bo‘ldi, ushbu masala bo‘yicha tashqaridan hech qanday bosim yo‘q, dedi Oliy Majlis Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 4 sentyabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Tadbir Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari munosabati bilan tashkil etildi. Mazkur tashrif chog‘ida u prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi masalasi ustida ish olib borayotganini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent uchun ittifoqqa qo‘shilishda afzalliklar va xavf-xatarlar tahlili bo‘yicha ishlar joriy yil oxiriga qadar yakuniga yetishi mumkin.

«O‘zbekiston Respublikasiga bosim bo‘lganmi, degan savolni hatto qo‘ymang ham. O‘zbekiston — unga bosim o‘tkazish mumkin bo‘lgan mamlakat emas», — deya qo‘shimcha qildi Sodiq Safoyev jurnalistning ittifoqqa qo‘shilish masalasida bosim o‘tkazilishi ehtimoli mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari hozirda O‘zbekiston tomoni ushbu tashkilotga qo‘shilish imkoniyatlarini o‘rganayotganini ma’lum qildi. «U yerda o‘ziga yarasha kamchiliklar, shuningdek, afzalliklar ham bor. Har qanday integratsion hamjamiyatga qo‘shilish ma’lum bir vakolatlarning topshirilishini, biroq shu bilan birga, tashkilot doirasidagi ba’zi imkoniyatlardan foydalanish huquqining qo‘lga kiritilishini nazarda tutadi», — dedi u, «hozircha hech qanday qaror yo‘qligi, ish ketayotgani, YeOIIning barcha mamlakatlari bilan maslahatlashuvlar olib borilayotgani»ni qo‘shimcha qilib.

Senator YeOIIga qo‘shilish masalasi ustida ish olib borayotgan ekspertlar ushbu masala bo‘yicha yakdil fikr hosil bo‘lganidan so‘ng jamoatchilikni bu haqda xabardor qilishiga va’da berdi.

Sodiq Safoyevning qayd etishicha, uch yil avval O‘zbekistonning yangilangan — nisbatan ochiq, nisbatan pragmatik, ko‘p ham siyosiylashtirilmagan va nisbatan g‘oyasizlantirilgan tashqi siyosatini amalga oshirish boshlangan edi. Xuddi shuncha vaqtdan beri O‘zbekistonning mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish ustida ham ish olib borilmoqda.

«Bu to‘g‘ri xatti-harakat: mintaqaviylashuv — bu globallashuvning bir qismi va mamlakatlarning manfaatlari uchun xizmat qiladi. Bir necha misol keltiraman: O‘zbekiston Turkiy kengashga qo‘shildi. Bu 25 yil davomida biz undan qo‘rqqan, qochgan tashkilot. Ushbu tashkilotga qo‘shilish yuzasidan bizning segmentimizda qandaydir o‘ziga xos shov-shuv bo‘lgani yo‘q. Vaholanki, o‘z vaqtida bu masala kun tartibiga ham qo‘yilmagan edi», — dedi senator.