Joriy yilning 17 avgust kuni Rossiyaning Perm viloyatida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasida yo‘lovchilar hayotini qutqarishda qahramonlik ko‘rsatgan Danil Yuldashev O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ishga qabul qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 17:00lar atrofida sodir bo‘lgan edi. Yo‘lovchi avtobus avtoulovning nosozligi sababli do‘kon devoriga borib uriladi. Falokat oqibatida 32 nafar yo‘lovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkaziladi, bir nafar yo‘lovchi esa voqea joyida halok bo‘ladi.

Mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun sport zaliga yo‘l olgan 20 yoshli Danil YTHni ko‘rib, darhol jabrlanganlarga yordam berishga shoshadi. Ikki soat davomida avtoulovdan jarohatlanaganlarni olib chiqishda yordamlashadi, ularga dastlabki tez tibbiy yordamni ko‘rsatadi.

«Qisqa vaqt ichida Danilning jasorati tillarga tushadi, ijtimoiy tarmoqlarda unga qahramon unvonini berish haqida fikrlar bildiriladi. 21 avgust kuni Perm o‘lkasi gubernatori Maksim Reshetnikov Danil Yuldashev bilan uchrashib, unga tashakkurnoma topshirdi. Danilning mardonavor harakatlari yurtimizning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan ham e’tirof etildi», — deyiladi xabarda.

Bularning bariga javoban Danil o‘zini qahramon hisoblamasligini, qiyin ahvolga tushganlarga yordam berish har bir insonning burchi ekanini ta’kidladi. Danil Yuldashev Toshkentda o‘sib-ulg‘aygan, oilaviy sharoitlar sabab yetti yil muqaddam Rossiyaga yo‘l olib, o‘sha yerda istiqomat qilib kelgan.

Qayd etilishicha, ushbu qahramonlikdan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Danilga o‘z fuqaroligini taklif qildi. «Biroq u o‘zini tug‘ilgan yurtining rivoji uchun javobgar biladi. Mana shu niyatini amalga oshirish, o‘zini, imkoniyatlarini ko‘rsatsin deya Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Danil Yuldashevni o‘z safiga qo‘shdi, uni ishga qabul qildi», — deyiladi xabarda.