O‘zbekiston Xalq ta’limi vazriligi Daryo.uz nashri e’lon qilgan Farg‘onadagi 24-maktabda birinchi sinf o‘quvchilari polda o‘tirib dars o‘tayotgani tasvirlangan fotosurat bo‘yicha izoh berdi.

Maktab direktori Ixtiyor Mamajonovning ta’kidlashicha, ta’lim muassasasida 2 oktyabr kuni eski partalar yangilariga almashtirilgan. Yangilari qo‘yilguncha ayrim xonalarda partalar bo‘lmagan va internetda tarqalgan surat shu jarayonda olingan. Sinfda partalar 20 daqiqa davomida bo‘lmagan. Hozirda sinfxonalar parta va stullar bilan to‘liq ta’minlangan.

Foto: XTV.

Suratdagi holat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat va shahar hokimiyati hamda boshqa tashkilot mutasaddilari tomonidan o‘rganib chiqildi. Maktabdagi barcha sinflarda darslar belgilangan jadval asosida o‘z vaqtida o‘tilmoqda, deya ma’lum qildi XTV.

Daryo.uz nashri partalarni Davlat test markazi 3−4 oktyabr kunlari Qo‘qon universitetiga kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun olib turganini xabar qilgan edi. DTM ushbu xabarni rad etib, imtihonlarni o‘tkazishni tashkil etish bilan viloyat hokimiyati, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Milliy gvardiya shug‘ullanishini ma’lum qildi.

24-umumta’lim maktabi binosi 1973 yilda 1250 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan. Maktab 2018 yilda Davlat investitsiya dasturi asosida mukammal ta’mirlangan. Barcha zarur o‘quv jihozlari va mebellar bilan to‘liq ta’minlangan. Ayni paytda maktabda 2635 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.