Namangan shahrida ota hali 2 yoshga to‘lmagan farzandini Shimoliy Farg‘ona kanaliga uloqtirdi, deya xabar qildi «Sevimli» telekanalining «Zamon» axborot dasturi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari yakunlariga ko‘ra, ota o‘zining 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Rustamov Bilolxonni moddiy tomondan ta’minlash uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining hal qiluvchi qaroriga asosan aprel oyida har topgan daromadining 70 foizi to‘lab borishi lozim edi. U bu aliment pulini to‘lamaslik maqsadida yuqoridagi g‘arazli niyatini amalga oshiradi.

U onasining uyida bo‘lgan turmush o‘rtog‘ining yoniga boradi va o‘g‘lini ko‘rmoqchi ekanini aytadi. U ayoliga nonushta qilmaganini aytib, bir piyola choy olib chiqishini iltimos qiladi. Ayoli uyga kirib ketgach, ota o‘z farzandini olib qochadi. U bolasini Shimoliy Farg‘ona kanali tomonga olib borib, uni suvga tashlab yuboradi va cho‘kib ketgunicha qarab turadi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, barcha isbotlar va dalilir ashyolar o‘z tasdig‘ini topdi. 25 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida qotil ota O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-modda 2-qism (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) «v», «i» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.