O‘zbekiston IIV ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Farg‘ona viloyatidagi YTHda viloyat hokimining tungi selektoriga chaqirilgan ikkita maktab direktori o‘rinbosarlarining YTHda halok bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

Farg‘ona viloyati IIB ma’lumotlariga ko‘ra, 29 sentyabr kuni taxminan 20:45 da haqiqatdan ham uchta turli maktablar direktor o‘rinbosarlari va Dang‘ara tuman Xalq ta’limi bo‘limi qorovuli ketayotgan avtomobil avariyaga uchragan.

25-maktab direktori o‘rinbosari M. D. boshqaruvida Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Nexia avtomobili yo‘l o‘rtasiga o‘rnatilgan beton to‘siq ustiga chiqib ketgan, so‘ngra yo‘lni yorituvchi temir stolbaga urilishi natijasida avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balonidan yong‘in sodir bo‘lgan.

Yong‘in natijasida avtomashina haydovchisi hamda oldi o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchi 26-maktabning direktor o‘rinbosari U.Sh. voqea joyida halok bo‘lgan.

Orqa o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchilar — 38-maktabning direktor o‘rinbosari T.L. va Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limi qorovuli M.B. tan jarohati olgan hamda ularga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga joylashtirilgan.

IIV xalq ta’limi xodimlarining viloyat hokimiyatida tungi selektorga ketayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shu kuni hokimiyatda yig‘ilish o‘tkazilmagan, ular shaxsiy ishlari bilan Qo‘qonga ketayotgan bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.