O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kelgusi yil fevralida Rossiyaga tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda seshanba kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlik kengashining to‘rtinchi majlisida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ma’lum qildi.

Tadbir Rossiya Federatsiyasi Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

«Aminmanki, Shavkat Mirziyoyevning kelgusi yil boshida — fevralda Moskvaga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tashrifi aloqalarimizni mustahkamlashda yana bir qadam bo‘ladi», — dedi Sodiq Safoyev.

Yanvar-sentyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi o‘tgan yilning xuddi davriga nisbatan 10 foizga o‘sib, 4 mlrd dollardan oshdi. Rossiya kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi 9 mlrd dollardan ziyodroqni tashkil etdi, deya xabar qildi senator.

Tomonlar O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavotlar yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini imzoladi.