30 sentyabr kuni Namangandagi madaniyat va istirohat bog‘ida Elya.Xalikova (2001 y.t.) qurilishi to‘liq bitkazilmagan «Spin block» attraksionida test sinovi o‘tkazilayotgan vaqtda halok bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Marhuma soat 15:40 larda sinov tariqasida harakatlantirilayotgan attraksionga ruxsatsiz chiqib, o‘zining extiyotsizligi oqibatida ushbu attraksionning temir truba qismiga urilishi natijasida olgan tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlarida Elya Xalikova «Namangan Istiqlol bog‘i» MCHJga qarashli bo‘lgan ko‘ngilochar bog‘ida 1 avgustdan beri qutqaruvchi vazifasida ishlab kelganligi va uning asosiy ish joyi ko‘ngilochar bog‘da joylashgan «akva park» suv xavzasida bo‘lganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.