Oktyabr oyida O‘zbekistonda 9 yoshli qizlarning odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi birinchi emlashi bo‘lib o‘tadi. Sog‘liqni saqlash vazirligining taxminlariga binoan, muntazam emlash ayollarda 1100 dan ortiq yangi bachadon bo‘yni saratoni va har yili 600 ga yaqin o‘lim holatlarini oldini olish kerak.

Yaqinda «Gazeta.uz» o‘z obunachilaridan OPV vaksinalari haqida savollarini yuborishni so‘radi. Biz Sog‘liqni saqlash vazirligining emlash dasturi rahbari Dilorom Tursunova, Ayollar salomatligi markazining ginekologi Muhabbat Ahmedova, Respublika onkologiya markazi onkologi Nargiza Zohidova, pediatr professor Dilbar Maxmudova va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakolatxonasining immunizatsiya bo‘yicha mutaxassisi Kamola Safayevadan ushbu savollarga javob berishlarini so‘radik.

OPV nima?

Odam papilloma virusi butun dunyoda juda keng tarqalgan viruslar guruhining keng tarqalgan nomidir. 190 dan ortiq virus turlari ma’lum bo‘lib, ulardan kamida 13 si saraton rivojlanishiga olib keladi. OPV asosan jinsiy aloqa orqali yuqadi va ko‘pchilik OPV infeksiyalari jinsiy faoliyat boshlanganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ladi.

Inson OPV tashuvchisi ekanligini qanday aniqlash mumkin? Bunda qandaydir tashqi belgilar bormi?

Ison o‘zida OPV borligini bilish faqat maxsus laboratoriya tahlilidan so‘ng mumkin. Ko‘pgina OPV infeksiyalari alomatlar yoki tashqi belgilarni keltirib chiqarmaydi.

Erkaklar OPV tashuvchisi bo‘lishlari mumkinmi?

OPV erkaklarda ham, ayollarda ham eng ko‘p uchraydigan infeksiyalardan biridir.

OPV erkak va ayollarda qanday kasalliklarni qo‘zg‘atadi?

Virus ikkala jinsda ham saratonni keltirib chiqaradi. Odam papilloma virusi infeksiyasi, shuningdek, anus, xiqildoq, vulva, qin va jinsiy olatning yapaloq hujayrali saratoni holatlarining 20−90 foiziga sababchidir.

Kam onkogen xavfli OPV infeksiyalari erkak va ayollarda anogenital so‘gallarni keltirib chiqaradi. OPV-6 yoki 11 turdagi infeksiyalar va anogenital so‘gallarning rivojlanishi o‘rtasidagi o‘rtacha vaqt erkaklarda 11−12 oy va yosh ayollarda 5−6 oyni tashkil qiladi. Anogenital so‘gallarni davolash qiyin.

OPV-6 va OPV-11 shuningdek, qaytalanuvchi respirator papillomatoz (RRP) nomi bilan ma’lum bo‘lgan noyob holatni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday hollarda so‘gallar xiqildoqda yoki nafas olish yo‘llarining boshqa qismlarida shakllanadi. RRP asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda yoki 30 yoshli odamdarda kuzatiladi. Kamdan kam hollarda genital OPV infeksiyasi bo‘lgan ayollar tug‘ruq paytida virusni bolaga yuqtirishi mumkin. Davolanmagan RRP nafas olish yo‘llarining obstruksiyasi tufayli jiddiy muammoga olib kelishi mumkin.

OPV dan davolanish mumkinmi?

Ko‘pgina OPV infeksiyalari alomatlar yoki kasalliklarga olib kelmaydi va o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi. Infeksiyalarning 90 foizi ikki yil ichida o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.

Ayrim turdagi OPVli barqaror infeksiya (ko‘pincha 16 va 18) saraton oldi patalogik holatlarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Davolashsiz bu holatlar bachadon bo‘yni saratoni va boshqa saraton kasalligiga aylanishi mumkin.

Bachadon bo‘yni saratoni va uning OPV bilan aloqasi haqida bizga gapirib bering.

Bachadon bo‘yni saratoni (BBS) ayollarda eng ko‘p tarqalgan saratonlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2018 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarda BBSning yangi holatlari soni 570 mingni tashkil qildi (dunyodagi barcha yangi holatlarning 84%i). 311 mingga yaqin ayol bachadon bo‘yni saratonidan vafot etdi, ushbu o‘limlarning 85 foizdan ko‘prog‘i kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda sodir bo‘ldi.

Illyustratsiya: Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.

Bachadon bo‘yni saratoni ma’lum bir turdagi jinsiy yo‘l bilan yuqadigan OPV infeksiyasi natijasida rivojlanadi. 70% hollarda bachadon bo‘yni saratonining sababi ikki xil OPV (16 va 18) hisoblanadi. 16 va 18 chi OPV turlariga qarshi immunitetni tashkil etadigan vaksinalar JSST tomonidan tavsiya etiladi va ko‘plab mamlakatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan.

Bachadon bo‘yni saratonining belgilari odatda faqat saratonning rivojlangan bosqichida namoyon bo‘ladi va quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:

  • muntazam bo‘lmagan, jinsiy aloqadan so‘ng menstrualaro yoki g‘ayritabiiy vaginal qonash;
  • orqa, oyoq yoki tosda og‘riqlar;
  • charchoq, vazn yo‘qotish, ishtahani yo‘qotish;
  • vagina ichidagi noqulaylik yoki yoqimsiz hid bilan ajralishi;
  • bitta shishgan oyoq;
  • keyingi bosqichlarda yanada jiddiy alomatlar paydo bo‘lishi mumkin.

Bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurash choralari birlamchi (OPVga qarshi emlash), ikkilamchi (30 yoshdan oshgan ayollarda saraton oldi kasalliklarini skrining qilish va davolash), uchlamchi profilaktika (bachadon bo‘yni saratonini diagnostikasi va davolash) va palliativ yordamni o‘z ichiga oladi.

Bachadon bo‘yni saratonini skriningi kasallik belgilari bo‘lmagan va o‘zlarini to‘liq sog‘lom his qiladigan ayollar orasida saraton oldi holati va saraton kasalligini sinab ko‘rishdir. Agar skrining tekshiruvi saraton oldi patologik holatni aniqlasa, ularni oson davolash mumkin va shu bilan saraton rivojlanishining oldini olish mumkin. Skrining tekshiruvi saraton kasalligini erta bosqichda davolanish ehtimolini yuqori darajada aniqlashi mumkin.

Kasallik yillar davomida rivojlanib borishini hisobga olib, 30−49 yoshdagi har bir ayolni hayotida kamida bir marta, yoki yaxshisi, tez-tez ko‘rikdan o‘tkazish tavsiya etiladi.

Hozirgi kunda skrining uch turi mavjud:

  • odatdagi Papanikolau testi va suyuq sitologiya;
  • sirka kislotasi yordamida vizual tekshirish (shifokor tomonidan amalga oshiriladi);
  • yuqori xavfli OPV turlari uchun tkshirish.

OPVni erta davolash ushbu mamlakatlarda bachadon bo‘yni saratonining yuzaga kelishini 80 foizigacha oldini oladi.

O‘g‘il bolalar va erkaklar OPVga qarshi emlatishlari kerakmi?

Bugungi kunga qadar 11 mamlakat, shu jumladan Avstriya, Shveysariya va Italiyaning ba’zi xududlari, o‘g‘il va qiz bolalarga OPV vaksinalarini taklif qilmoqda. Ammo OPVni keltirib chiqaradigan eng keng tarqalgan kasallik bu bachadon bo‘yni saratoni. Shu sababli, ayollarni ushbu xavfli kasallikdan himoya qilish vaksinatsiya dasturlarining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Qizlarni OPVdan himoya qilish ham bilvosita kelajakdagi sheriklarini himoya qiladi. Bunday umumiy himoya yoki «jamoaviy immunitet» virus tarqalishining oldini olishda juda samarali ekanligi isbotlangan.

Har bir mamlakat kasalliklarning og‘irligi ko‘rsatkichlari va mavjud moliyaviy manbalarga asoslangan holda, OPVga qarshi kimlarni emlash kerakligini mustaqil ravishda hal qiladi. Agar mamlakat yetarli salohiyatga va moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lsa, u 14 yoshdan oshgan qizlar va o‘g‘il bolalar uchun emlash qamrovini kengaytirishi mumkin.

O‘zbekistonda qo‘llaniladigan OPV vaksinasi haqida gapirib bering. Ushbu vaksinaning boshqalardan qanday farqi bor?

O‘zbekistonda Merck Sharp & Dohme (ba’zan MSD yoki Merck deb ataladi) tomonidan ishlab chiqarilgan Gardasil vaksinasi qo‘llaniladi. Vaksina 2006 yilda foydalanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan. U Gollandiyada ishlab chiqariladi va AQSH, Kanada, Avstraliya, Isroil, Rossiya, Gruziya, Moldova, JAR va boshqa 70 dan ortiq mamlakatlarda qo‘llaniladi.

Gardasil vaksinasi tetravalent vaksinadir, ya’ni u to‘rtta eng xavfli va keng tarqalgan OPV turlaridan himoya qiladi — ya’ni 6, 11, 16 va 18 turlaridan. Vaksinalar 9 yoshdan katta ayollar va erkaklar orasida, saraton oldi kasalliklari va yuqori xavfli OPV turlari tufayli yuzaga keluvchi bachadon bo‘yni, qin va anus saratonini, hamda OPVning 6 va 11 turlari bilan bog‘liq bo‘lgan anogenital so‘gallarni oldini olish uchun qo‘llanadi.

MSD, shuningdek, OPVga qarshi qo‘llanuvchi «Gardasil 9» vaksinasini ishlab chiqaradi. 2014 yilda ushbu vaksina AQSH sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi oziq-ovqat va dorilar ustidan sanitar nazorat boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan. O‘zbekistonda ushbu turdagi OPV vaksinasi hali ro‘yxatdan o‘tmagan.

Vaksinaning «Servariks» (Cervarix) nomli yana bir turi mavjud. Vaksina GlaxoSmithKline kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. 2007 yilda u ushbu vaksinani foydalanish uchun litsenziya oldi. Servariks — bu ikki valentli vaksina bo‘lib, u OPVning ikki turidan, ya’ni — 16 va 18 turlaridan himoya qiladi.

«Gardasil» va «Servariks» vaksinalari O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan va OPV viruslarining onkogen turlarini oldini olish va ushbu turdagi viruslar keltirib chiqaradigan bachadon bo‘yni shikastlanishlarning oldini olishda juda samarali. Vaksinalar ularning tarkibiga kiritilmagan virus turlaridan o‘zaro himoya qiladi.

To‘rt valentli Gardasil vaksinasi genital so‘galllardan qo‘shimcha himoya qilishini hisobga olib, ushbu vaksinani O‘zbekiston milliy emlash jadvaliga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ushbu vaksinaning tarkibi qanday? Bu vaksina tirikmi?

Gardasil vaksinasi «jonli» emas. U virusga o‘xshash zarrachalardan iborat bo‘lib, virusning oqsil qatlamini o‘z ichiga oladi va virusning o‘zidan biron bir genetik material tarkibiga kirmagan. Virusga o‘xshashligi sababli, vaksina immunitet tizimini rag‘batlantiradi, bu esa OPVga qarshi himoya antitanalarini keltirib chiqaradi.

Vaksinada iloji boricha yuqori samaradorlikni ta’minlash uchun oz miqdordagi qo‘shimcha moddalar ham mavjud (organizmning immunitet reaksiyasini kuchaytirishga yordam beradigan moddalar). Ularga mineral tuzlar, suv va odamlar havo, oziq-ovqat va kosmetika vositalari (masalan, dezodorantlar) orqali doimiy aloqada bo‘lib turadigan alyuminiy sulfat (achchiqtosh) kabi materiallar kiradi.

Hozirgi vaqtda mavjud bo‘lgan OPV vaksinalarida tiomersal (tasdiqlangan va zararsiz saqlovchi, boshqa vaksinalarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan) yoki tarkibida simob bo‘lgan boshqa moddalar mavjud emas.

Nima uchun 9 yoshdagi qizlarni emlash uchun tanlangan? 9 yoshgacha bo‘lgan qizlar va katta yoshdagi qizlarga ham vaksinani emlash mumkinmi?

O‘zbekistonda JSST tavsiyasiga binoan 9 yoshdagi qizlarni emlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 9 yoshgacha emlash amalga oshirilmasligi kerak. Bolani OPVga qarshi emlash uchun eng yaxshi vaqt 9 yoshdan 14 yoshgacha hisoblanadi. Ushbu yoshda, emlash eng kuchli immunitet reaksiyasini ta’minlaydi.

Vaksina faqat 9 yoshli qizlarga bepul beriladi. 2020 yilda 11−14 yoshdagi qizlarni bepul emlash uchun OPV vaktsinasini olish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Milliy jadvalga OPV vaksinasini kiritish barcha qizlar uchun emlash majburiyligini anglatadimi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi OPV vaksinalarini 2015 yilda emlash milliy jadvaliga kiritdi. Fevral oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi OPV bilan emlash 2019 yil oktyabr oyida boshlanishini e’lon qildi.

Vaksinaning milliy jadvalga kiritilganligi shuni anglatadiki, davlat tegishli yoshdagi bolalar uchun sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida bepul sifatli vaksinalar mavjudligini kafolatlaydi.

«Davlat har bir vaksinaning xavfsizligi va samaradorligining kafolatidir. Emlashlar odamlarning hayotini saqlab qoladi, sog‘lig‘ini yaxshilaydi va bolalarning nogiron bo‘lishining oldini oladi «, deb ta’kidladi Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSST vakolatxonasi.

«Bunday emlash majburiy ekanligi ma’lum kasallikning oldini olish uchun emlash zarurligini anglatadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi «kerak» so‘zini qonun doirasida tushunishi kerak «, deb qo‘shimcha qildi.

Xarid qilish va profilaktik emlashlar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va davlat tomonidan kafolatlanadi. Vaksinalarning majburiy qamrovi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligi tomonidan nazorat qilinadi.

Ota-onalar va vasiylar OPV vaksinasi to‘g‘risidagi guvohnomani ko‘rishlari mumkinmi?

Bolaning ota-onasi yoki vasiylari emlashdan oldin Gardasil vaksinasi sertifikati bilan tanishishlari mumkin. Barcha uchta OPVga qarshi vaktsina JSST tomonidan sertifikatlangan.

Ota-onalar yoki vasiylar o‘z qizlarini emlatishni rad etishlari mumkinmi?

O‘zbekistonda fuqarolarni tibbiy muolajalarga, shu jumladan muntazam emlashlarga majburlash yo‘q. Majburlash Konstitutsiya va fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga ziddir.

«Fuqarolar davolovchi shifokorning fikrini inobatga olgan holda, ularning sog‘lig‘i to‘g‘risida oqilona qarorlar qabul qilishlari kerak. Bolani qizamiqdan himoya qilish bu qizamiqqa qarshi emlash, qizlarni bachadon bo‘yni saratonidan himoya qilish bu OPV vaktsinasini qo‘llashdir. Agar ota-onalar bolalarni emlamaslikka qaror qilsalar, bu huquq ular uchun qonun tomonidan saqlanib qolgan va hech bir tibbiyot xodimi emlashni majburiy qilishga haqli emas «, — deya ta’kidladi Sog‘liqni saqlash vazirligining vakili.

Agar ota-onalar va vasiylar qizlarini majburiy emlashdan bosh tortsalar, biron bir hujjatga imzo chekishlari kerakmi?

Rad etish sababini ko‘rsatish kerak bo‘lishi mumkin.

Ushbu emlovning davomiyligi qancha?

Birinchi vaksina 2006 yilda kiritilgani sababli, himoya qilishning to‘liq muddati hali ham noma’lum. Ammo mutaxassislar emlangan odamlarning immunitetini sinchkovlik bilan o‘rganmoqdalar. Yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 12 yildan ortiq vaqt oldin emlangan odamlar hali ham ular olgan vaksinaga kiritilgan OPV turlaridan to‘liq himoya qilingan va shuning uchun ham bachadon bo‘yni saraton oldi asoratlaridan va ushbu turdagi OPV tufayli kelib chiqadigan kasalliklarning rivojlanish xavfidan himoya qilinadi.

Vaqt o‘tishi bilan bunday himoya susayishi haqida hech qanday dalil yo‘q va ko‘plab mutaxassislar emlash bir necha o‘n yillar davomida samarali bo‘lib qoladi deb hisoblashadi.

Qanchalik tez-tez emlatish kerak?

JSST tavsiyalariga ko‘ra, barqaror immunitet paydo bo‘lishi uchun 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar emlashning ikkinchi dozasini birinchi emlashdan olti oy o‘tgach, ikki marta OPV vaksinasini olishlari kerak. 12 oygacha bo‘lgan dozalar orasidagi intervalga ruxsat beriladi.

14 yoshdan oshgan bolalar emlashning uch dozasini olishlari kerak. Ikkinchi doza birinchi dozadan ikki oy o‘tgach, uchinchi doza birinchi dozadan olti oy o‘tgach emlanadi.

Emlashdan oldin tekshiruvdan o‘tish, qandaydir analizlarni topshirish kerakmi?

Sog‘lig‘ida muammosi bo‘lmagan bolalar va kattalar OPV vaksinasini emlatishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart emas. Ammo mamlakatimizning sanitariya normalari va qoidalariga ko‘ra, har bir bola emlashdan oldin shifokor tomonidan tekshiriladi.

Ushbu vaksinaga qarshi ko‘rsatmalar mavjudmi?

Homiladorlik, 9 yoshgacha bolalar va kuchli allergik reaksiya (anafilaktik shok) OPV vaksinasining uchta mutlaq qarshi ko‘rsatmalari hisoblanadi.

Agar tana harorati 38 darajadan yuqori bo‘lsa, emlashni kechiktirish kerak. Tana haroratining ko‘tarilishi vaqtincha qarshi ko‘rsatmadir va tiklanishdan keyin emlash tavsiya etiladi.

Ushbu emlash qanday yon ta’sirga ega? Vaksinaga tananing salbiy reaksiyasi paydo bo‘lishini nima bog‘liq?

Boshqa vaksinalar va dori-darmonlar singari, OPV vaksinasi yengil yon ta’sirga olib kelishi mumkin. Eng keng tarqalganlari — bu qizarish, shishish yoki in’eksiya joyida og‘riq. Shuning uchun in’eksiyani o‘ng qo‘lli odamlarning chap qo‘liga, chapaqay odamlarning esa o‘ng qo‘liga emlash rejalashtirilgan.

Ba’zi odamlar, shuningdek, emlashdan keyingi birinchi kun davomida bosh og‘rig‘i, yengil isitma, muskul yoki mushaklarda og‘riq yoki vaqtincha ko‘ngil aynishni his qiladilar. Ushbu mahalliy reaksiyalar yoki yon ta’sir odatda bir kundan ortiq davom etadi va zararsizdir.

Ba’zida, tashvish, stress yoki ukol qilish qo‘rquvi tufayli, o‘spirin emlash paytida yoki undan keyin darhol hushidan ketishi mumkin. Bu ko‘pincha bolalar yoki yoshlar vaksinalarni umumiy guruhda, masalan, maktabda olganda ro‘y beradi. Ushbu reaksiya emlashning o‘zi bilan emas, balki stress va tashvish bilan bog‘liq.

Har qanday turdagi vaksinani qabul qilgan taxminan million odamdan birida kuchli allergik reaksiya — anafilaktik shok yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun, ehtiyot chorasi sifatida, vaksinani qabul qilgan kishi emlashdan keyin 15 minut davomida tibbiy nazoratda qolishi kerak. Agar u emlashdan so‘ng darhol bosh aylanishi yoki eshitish yoki ko‘rishning biron bir o‘zgarishini sezsa, u tibbiy xodimni xabardor qilishi kerak.

14 yoshdan katta bo‘lganlar, jinsiy faoliyat va bolalarning mavjudligi, menopauza va OPV mavjudligi OPVga qarshi emlashning samaradorligiga qanday ta’sir qiladi?

«Gardasil» vaksinasi ishlab chiqaruvchisi 9 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan odamlarda OPV vaksinalarini qo‘llashni tavsiya qiladi. 9 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan qizlarni emlaydigan davlatlar mavjud. Biroq, JSST tavsiyasi 9 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan qizlarning emlash yoshini cheklaydi.

OPV vaksinalari jinsiy yo‘l bilan yuqadigan virusning eng keng tarqalgan va xavfli turlariga qaratilgan. Ular taqdim etadigan himoya emlovning bir qismi bo‘lgan OPV turlariga qarshi eng kuchli hisoblanadi.

Odatda, odamlar jinsiy faoliyat boshlanganidan ko‘p o‘tmay, ushbu virusning bir yoki bir nechta turini yuqtirishadi. Shuning uchun, emlashdan foyda olish uchun, jinsiy faoliyat boshlanishidan oldin emlatish maqsadga muvofiqdir.

Vaksina OPVni oldini olish va davolash uchun ishlatiladi.

9−14 yoshdagi qizlar, ayollar, o‘g‘il bolalar va erkaklar uchun OPV vaksinasining narxi qancha?

OPV vaksinalari faqat 9 yoshdagi qizlarga bepul. Boshqa barcha yosh toifalari, shuningdek o‘g‘il bolalar va erkaklar ham vaksinani klinikada hatto to‘lov evaziga ololmaydilar.

To‘lovli vaksinani emlash markazlarida olish mumkin. Biroq, Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil mamlakatda xususiy emlash markazlari OPV vaksinalarini import qilmagan. Taqqoslash uchun, Rossiya va Qozog‘istonda OPV vaksinasi taxminan 100 dollarni tashkil qiladi.

2020 yilda 11−14 yoshdagi qizlarni bepul emlash uchun OPV vaksinasini olish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2020 yilda 10 yoshli qizlar bepul OPV vaksinasini ololmasligini tushuntirmoqda, chunki kelgusi yili 10 yoshga to‘ladigan qizlar 2019 yilda OPV vaksinasini qabul qilishi kerak edi.

«Bu yil emlashni o‘tkazib yuborgan qizlar kelajakda uni bepul olishlari mumkin emas. Katta yoshdagi qizlarni emlash bir martalik bo‘ladi. Bu bir martalik aksiya. 2021 yilda katta yoshdagi qizlarni emlash uchun boshqa imkoniyat qolmaydi «, — deyiladi vazirlik xabarida.

Ushbu emlash bepushtlikka olib keladimi? Qanday tadqiqotlar uning xavfsizligini tasdiqlaydi?

OPV vaksinalari reproduktiv funksiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi to‘g‘risida ishonchli ilmiy dalillar mavjud. 2006 yilda birinchi OPV vaksinasini litsenziyalashdan oldin o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar, shuningdek, uning kiritilishidan keyin o‘tkazilgan monitoring va xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotlar ushbu vaksinaning ayollarning reproduktiv disfunksiyasini keltirib chiqarmasligini tasdiqladi.

Bundan tashqari, OPV vaksinasi bachadon bo‘yni saraton oldi shikastlanishlari va bachadon bo‘yni saratonining oldini olish orqali reproduktiv funksiyani himoya qilishga yordam beradi. Homiladorlik davrida bachadon bo‘yni saraton oldi shikastlanishlarini jarrohlik davolash bolaning erta tug‘ilish va homila o‘limiga olib kelishi mumkin, bachadon bo‘yni saratonini davolash (bachadon bo‘yni va bachadonni olib tashlash, kimyoterapiya va / yoki radiatsiya terapiyasi) ayolni tug‘ish qobiliyatidan mahrum qiladi.

O‘zbekistonda 2010 yilda Gardasil vaksinasi bilan 12−14 yoshdagi 7000 qizni emlash amalga oshirildi. Bugungi kunda, 2010 yilda emlangan qizlarning aksariyati allaqachon turmushga chiqib, ona bo‘ldilar.

Grafik: JSST.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi keng jamoatchilikning fikrlari va istaklariga javoban milliy televideniye orqali bachadon bo‘yni muammolari bo‘yicha tok-shou ko‘rsatuvini tayyorlashni so‘radi. Tok-shouga bu yosh onalarni ham taklif qilishadi (s’emka 23 sentyabr kuni bo‘lgan) «, — deyiladi vazirlik xabarida.

Qizlarni OPVga qarshi emlashning natijalari qanday bo‘ladi? JSSTning bashoratlari qanday qo‘llab-quvvatlanadi?

O‘zbekistonda har yili 1600 ga yaqin ayol bachadon bo‘yni saratoni tashxisi qo‘yilgan saraton kasalligi bilan ro‘yxatga olinadi. Va mamlakatda yiliga 600 ga yaqin ayollar ushbu kasallikdan vafot etadi. Maxsus matematik hisob-kitoblar olib borildi va O‘zbekistonda OPV vaksinasini muvaffaqiyatli joriy etish bilan yiliga 1100 bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanish va 585 bachadon bo‘yni saratonidan o‘lish holatlari oldini olish kutilmoqda.

Agar emlash qamrovi 90% dan kam bo‘lmasa, 2050−2060 yillarda O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni sog‘liqni saqlash muammosi sifatida chiqarib tashlanadi.

«Albatta, bachadon bo‘yni saratoni uchun xavf omillari — bu inson yoshi, yallig‘lanish kasalligi va kimyoviy kanserogenlardir. Ammo, kasallik tarqalishi va o‘lim darajasi yuqori bo‘lsa, unla kasallik jamoat sog‘liqni saqlash muammosi hisoblanadi. Agar emlash muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, kasalliklar soni sezilarli darajada kamayadi», — deya tushuntirdi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari.

Grafik: JSST.

Qizlar OPVga qarshi emlangan mamlakatlarda bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha statistika qanday?

OPV vaksinasi ishlatiladigan mamlakatlarda OPV infeksiyasining tarqalishi va bachadon bo‘yni patologik o‘zgarishlari aniq kamayadi. Bachadon bo‘yni saratonining emlash bilan bog‘liq kamayishi yaqin bir necha yil ichida sezilarli bo‘lishi kutilmoqda. Bu mamlakatlarda, shuningdek, keskin — 90% dan ko‘proq — genital so‘gallar tarqalishining pasayishi kuzatilmoqda.

OPV bilan emlash OPV tarqalishini kamaytirish nuqtai nazaridan aniq ta’sirga ega. Bachadon bo‘yni shikastlangan ayollar sonining qisqarishi va genital so‘gal bilan og‘rigan erkaklar va ayollar sonining keskin kamayishi buning bevosita dalilidir.

OPV tarqalishi kamaygan barcha holatlarda, keyingi bir necha yil yoki o‘n yilliklar davomida bachadon bo‘yni saratoni va OPV bilan bog‘liq boshqa saraton kasalligi kamayadi.

Bugungi kunga qadar o‘tkazilgan tadqiqotlar Gardasil vaksinasining yuqori samarali ekanligini ko‘rsatdi. Avstraliya, Belgiya, Shvetsiya, Shotlandiya, Buyuk Britaniya, AQSH va Yangi Zelandiyada o‘tkazilgan tadqiqotlar OPV infeksiyasi va genital so‘gallar bilan kasallangan o‘spirin qizlar va ayollar soni 90 foizga kamayganligini ko‘rsatdi.

Grafik: Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.

Keyinchalik, bir guruh emlangan shaxslar bachadon bo‘yni saratoni tekshiruvidan o‘tishni boshlashganda, bachadon bo‘yni patologik o‘zgarishlar hollari kamayishi yanada aniqroq bo‘ldi. Masalan, 2007 va 2008 yillarda OPV vaksinasi joriy etilgan Avstraliya va Daniyada, mos ravishda emlash dasturlari yuqori qamrov ko‘rsatkichlariga erishgan bo‘lsa, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, davolanishsiz katta ehtimol bilan saratonga olib keluvchi yuqori darajadagi bachadon bo‘yni patologik o‘zgarishlari 80% ga kamaygan.

Hozirgi kunda, 12 yillik foydalanish va 270 million dozani qo‘llashdan so‘ng, OPVga qarshi emlash bachadon bo‘yni saratoniga olib keladigan surunkali infeksiyalarning oldini olish uchun juda samarali ekanligi haqida yetarli dalillar mavjud.

Keyingi yillarda bachadon bo‘yni saratonining kamayishi kutilmoqda, chunki o‘smirlik davrida emlangan qizlarning birinchi guruhi bachadon bo‘yni saratoni boshlanadigan yoshga etadi.

Ba’zi odamlar ushbu emlashga salbiy munosabatda bo‘lishadi. Ularning munosabati nimaga asoslangan?

Vaksinalarga salbiy munosabatning asosiy sababi to‘liq va ishonchli ma’lumotlarning yo‘qligi. «Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksinatsiya haqidagi shubhalarni 2019 yilda dunyo aholisi sog‘lig‘iga tahdid soladigan o‘nta xavf-xatarlardan biri deb e’lon qildi», dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Vazirlik bu yil emlashga bag‘ishlangan veb saytini yangiladi. Unda o‘zbek va rus tillarida emlashga oid ishonchli materiallar mavjud. OPV vaksinasiga alohida e’tibor berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekistonda farmatsevtika tizimi juda jiddiy ishlamoqda, deb da’vo qilmoqda. Barcha dorilarning, shu jumladan vaksinalarning xavfsizligi monitoringi Dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy jihozlarni standartlashtirish va davlat ekspertizasi markazi tomonidan amalga oshiriladi. Ularning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, sifat nazorati, standartlashtirish va sertifikatlash Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

«Gardasil», Gardasil 9″ va «Servariks» bu kungacha tasdiqlangan eng xavfsiz va samarali vaksinalar qatoriga kiradi. Har bir OPV vaksinasi keng qo‘llanilishi tasdiqlangunga qadar klinik sinovlarda xavfsizlik va samaradorlik uchun sinchkovlik bilan tekshirilgan. Bundan tashqari, vaksinalar joriy qilinganidan beri doimiy monitoring olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar 92 mamlakatda 270 million dozada OPV vaksinalari qo‘llangandan so‘ng, ular juda yaxshi xavfsizlik profilini ko‘rsatmoqda.

JSST vaksinalar xavfsizligi bo‘yicha global maslahat qo‘mitasi (GACVS) muntazam ravishda butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida to‘plangan OPV vaksinalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi ilmiy dalillarni ko‘rib chiqadi. Emlashdan keyin emlash bilan bog‘liq har qanday jiddiy holatlar tekshiriladi. Bunday hollarda, qo‘mita vaksinani kiritishdan oldin va undan keyin bunday ko‘rinishlar qanchalik tez-tez kuzatilganiga e’tibor qaratadi.

2016 yil yanvar oyida qo‘mita mavjud ma’lumotlar OPV vaksinalarini qo‘llash xavfsizlik bo‘yicha tashvish tug‘dirmaydi degan xulosaga keldi. Yevropa dori vositalari bo‘yicha agentligi ham mustaqil baholash o‘tkazdi va vaksinalar xavfsiz va samarali degan xulosaga keldi.