Laziz Shavkatovich Qudratov O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi.

Tayinlovga qadar yanvardan buyon investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Avvalgi birinchi o‘rinbosar Sunnatulla Bekenov oldinroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rahbar etib tayinlandi.

Laziz Qudratov (1981 y. t.) Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Xosey universitetini (Yaponiya) tamomlagan. Muqaddam Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, so‘ngra «O‘zinfoinvest» agentligining axborot ta’minoti va xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha direktor bo‘lib ishlagan.

2018 yilning fevralidan 2019 yil yanvariga qadar Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.