O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 oktyabr — O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha pedgog xodimlarni tabrikladi.

«Chindan ham, dunyo miqyosida raqobat yanada kuchayib boradigan, o‘ta murakkab bir davrda yashaydigan bolalarimizni kelajakka tayyorlab, sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish ta’lim-tarbiya sohasi, o‘qituvchi mehnatining tub mohiyatini tashkil etadi. Ana shu o‘tkir haqiqatni hisobga olib, biz ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tardik», — dedi prezident.

«Bugungi kunda sizlarning, butun el-yurtimizning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi bilan maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib bormoqda», — deya davom etdi davlat rahbari. So‘nggi ikki yilda 238 ta yangi maktab barpo etilganida ham ko‘rish mumkin. (2010−2016 yillarda 99 ta maktab yopilgan edi). Mazkur sohani rivojlantirish uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘lari hajmi ham ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilda maktablarga 2017 yilga nisbatan 81 foizdan ziyod mablag‘ ajratildi. Mamlakatda maktabgacha ta’lim hamda oliy ta’limni rivojlantirish dasturlari qabul qilindi.

«Farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya beradigan, yangicha, innovatsion fikrlaydigan muallim va o‘qituvchilarni tayyorlash — bu eng og‘ir vazifa bo‘lib, juda katta mehnat va mas’uliyatni talab etadi», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

U barcha barcha sa’y-harakatlar «O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak» degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilayotganini ta’kidladi.

«Albatta, yoshlarimizning bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, o‘quv binolarini qurish, ularni zamonaviy jihozlash mumkin. Lekin farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya beradigan, yangicha, innovatsion fikrlaydigan muallim va o‘qituvchilarni tayyorlash — bu eng og‘ir vazifa bo‘lib, juda katta mehnat va mas’uliyatni talab etadi», — dedi prezident o‘z tabrigida.

Shanba kuni Shavkat Mirziyoyev ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.