Dushanba kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Reglament va odob komissiyasi kengaytirilgan majlisida parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva komissiyaga Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev uch oylik sinov muddati bilan birga qat’iy ogohlantirishni taklif qildi. Komissiya a’zolari ushbu taklifni ma’qulladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.Tanzila Norbayeva. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Tanzila Norbayeva senator Shuhrat G‘aniyevning fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga putur yetkazadigan, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan iboralardan foydalanganligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Shuhrat G‘aniyev aybini tan olib, uzr so‘radi va xulosa chiqarishga va’da berdi.

Farg‘ona viloyati hokimiyati avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvning haqiqiy ekanini tan olib, Shuhrat G‘aniyev OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi izohlardan tegishli xulosa chiqarganini ma’lum qilgan edi.

Shuhrat G‘aniyev bundan avval ham o‘zining nomunosib so‘zlari bilan jamoatchilikning noroziliklariga sabab bo‘lgan edi. Xususan, o‘tgan yilning boshida Qozog‘istondagi avtobus yong‘inida bir necha qurbonlar bergan Toshloq tumani aholisini haqoratlab, Farg‘ona viloyatini sharmanda qilganlikda ayblagan edi.

Avgust oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shuhrat G‘aniyevni Rishton tumanida rekonstruksiya bahonasida fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklarini ommaviy buzgani uchun tanqid qilgan, hokim buning uchun O‘zbekiston xalqidan uzr so‘ragan edi.

Shuhrat G‘aniyev bir oz o‘tib, avgust oyining oxirida O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.