Madaniyat va san’at muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar, maktabgacha ta’lim yoshdagi bolalar va pensionerlar uchun inklyuziv sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilmoqda. Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida bu haqda so‘z boradi.

Hujjatda 2020−2021 yillarda madaniyat va san’at dargohlarida inklyuzivlik dasturini tasdiqlash taklif qilinmoqda. U muassasalar va ularga tutash hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, inklyuzivlik talablarini hisobga olgan holda ularning moddiy-texnik bazasini yangilash hamda inklyuziv xizmat ko‘rsatish amaliyotini joriy etishni ko‘zda tutmoqda.

Muassasalarni ona va bola xonalari bilan ta’minlash, sirpanmaydigan qoplamali panduslar, travmotologik xavfsiz panjaralar, tomosha zallarida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus liftlar va joylarni o‘rnatish kabi chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tuziladi.

Toshkentda madaniyat muassasalariga tutash hududlarda taktil yo‘laklar, audiovizual xabardor qilish tizimlari va ovozli xabardor qilish imkoniyatiga ega svetoforlar o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, yuqori kontrastli va kattalashtirilgan shriftli ko‘rish darajasi yaxshilangan ma’lumot ko‘rsatkichlari o‘rnatish belgilangan.