Markaziy bank dushanba kuni import operatsiyalari bo‘yicha alyuta konvertatsiyasiga cheklovlar kiritilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Qayd etilishicha, 2017 yilning sentyabridan e’tiboran barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ichki valyuta bozoridan joriy xalqaro operatsiyalar uchun xorijiy valyutani hech qanday cheklovlarsiz erkin harid qilish huquqiga egadirlar.

Erkin konvertatsiya amaliyoti joriy qilingan vaqtdan boshlab xorijiy valyutani sotish va sotib olish bilan bog‘liq valyuta operatsiyalari hajmi bir necha barobar oshdi. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga valyuta mablag‘larini sotish operatsiyalarining o‘rtacha oylik hajmi 2017 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan qariyb 3 barobarga, valyuta mablag‘lari haridi esa 2 barobardan ziyodga o‘sdi.

Xorijiy valyuta sotib olgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni joriy yilning avgust oyida 7,6 ming nafarga yetgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2018 yilda 4,1 ming nafarni, 2017 yilda esa 340 nafarni tashkil etgan.

Iqtisodiyotni liberallashtirish va shaffofligini ta’minlash bilan bir vaqtda, davlat ulushi mavjud bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati samaradorligini oshirish va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat resurslaridan oqilona foydalanish borasida ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, amaliyotda davlat haridlari doirasida mamlakatda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan (ham sifat, ham narx jihatidan) tovarlar importi uchun davlat resurslaridan foydalanish, ularning narxlarini oshirib ko‘rsatish, shuningdek, tegishli marketing tadqiqotlari o‘tkazilmagan holda, o‘z faoliyatiga xos bo‘lmagan va keraksiz tovarlarni olib kirish holatlari kuzatilib, bu o‘z navbatida, iqtisodiy asossiz holda davlat resurslarining chetga chiqib ketishiga olib kelmoqda.

Bunda, yuqoridagi holatlarning oldini olish maqsadida, Hukumat tomonidan davlat haridlari, investitsiya va boshqa dasturlari doirasida, alohida davlat korxonalarining import shartnomalarini ishlab chiqarish va investitsiya loyihalarida aks ettirilgan narxlarga muvofiqligi hamda ichki bozorda bir xil sifat va narxlardagi tovarlarning mavjudligiga e’tibor qaratgan holda ekspertizadan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

Amaliy jihatdan ushbu chora-tadbirlar, davlat korxonalarini isloh qilish va samaradorligini oshirishdagi harakatlarning bir qismi bo‘lib, ularning boshqaruvi sohasidagi ishlarning holati to‘g‘risida yaqqolroq ma’lumotlarga ega bo‘lishga, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayonlarini yaxshilash va ushbu korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish dasturlarini ishlab chiqishdagi yondashuvlar uchun zarur bo‘lgan axborot-tahliliy bazasini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, ushbu chora-tadbirlar ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mahalliy va xorijiy tovar ishlab chiqaruvchilarning raqobat narxlari asosida davlat korxonalarining ishlab chiqarish bilan bog‘liq haridlarini qayta yo‘naltirish orqali ularning faoliyatidagi shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

Ko‘rilayotgan choralarni valyuta siyosati sohasidagi cheklovlar sifatida talqin qilish noo‘rin hisoblanadi, chunki ular faqat davlat haridlari, investitsiya va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, shuningdek davlat mulkidagi korxonalarga nisbatan qo‘llanilayotgan bo‘lib, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va uning alohida segmentlarini muvofiqlashtirishga hissa qo‘shuvchi mexanizmlardan biri sanaladi.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotini muvoffaqqiyatli tarzda liberallashtirgan aksariyat mamlakatlar islohotlarning ehtimoliy salbiy ta’sirlarini oldini olish maqsadida, asosan dastlabki bosqichlarda, vaqtinchalik xarakterdagi turli xil «qo‘l bilan boshqarish» mexanizmlarni qo‘llashgan va shu tariqa erkinlashtirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlarning keyingi bosqichlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan fundamental asoslarni saqlab qolishgan.

Tarkibiy o‘zgarishlarni boshlagan, biroq ushbu islohotlardan voz kechishga majbur bo‘lgan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotni liberallashtirishdagi muvaffaqqiyatsizlik ko‘pchilik hollarda davlat siyosatining vaqtinchalik xarakterdagi alohida choralarni qabul qilmaslik borasidagi ehtiyotsizligi tufayli sodir bo‘lgan. Bu asosan, moliyaviy-iqtisodiy jarayonlarning aksariyat ishtirokchilari, ayniqsa davlat ishtirokidagi korxonalar bozor iqtisodiyotining yangi sharoitlariga moslashishi uchun ma’lum muddat talab etilganligi hamda ularning bunday sharoitlarga tayyor bo‘lmaganligi bilan izohlanadi.