O‘zbekistonlik aralash janglar kurashchisi Mahmud Murodov UFC sport tashkilotidagi o‘zining birinchi jangida g‘alaba qozondi. Kopengagenda o‘tkazilgan UFC Fight Night 160 turnirida o‘zbekistonlik sportchi italiyalik Alessio Di Kirikoni mag‘lubiyatga uchratdi.

Jang 84 kg gacha o‘rta vazn doirasida o‘tkazildi. Birinchi raund qariyb teng kurashlar ostida o‘tdi, biroq Mahmud Murodov (23−6−0) aniq zarbalar bo‘yicha Alessio Di Kirikodan (12−4−0) bir oz ustun keldi — 14/12. Ikkinchi raundda esa ustunlik aniq zarbalar bo‘yicha o‘zbekistonlik tomonda bo‘ldi — 24/7. Tanaffus vaqtida Di Kirikoning murabbiyi unga baqirib, yanoqlariga urdi. Italiyalik o‘ziga keldi va so‘nggi bo‘limda ko‘proq aniq zarbalar berdi. Biroq, shunga qaramasdan, hakamlar g‘alabani Murodov hisobiga yozdi — 29/28, 29/28, 29/28.

«Men judayam baxtliman, axir tarixga kirdim — o‘zbekistonlik ilk UFC jangchisiman. Orzuim ro‘yobga oshdi, buning uchun sidqidildan mehnat qildim», — deya o‘zbekistonlik sportchining so‘zlaridan iqtibos keltirdi UFC.

Mahmud Murodov amerikalik bokschi kichik Floyd Meyvezer jamoasi a’zosi hisoblanadi. Avvalroq sportchi UFC bilan professional shartnoma imzolab, ushbu sport tashkilotidagi birinchi o‘zbekistonlik sportchiga aylandi.

Ayni vaqtda sportchi hisobida 2016 yildagi so‘nggi mag‘lubiyatdan keyin 12 ta g‘alabalar seriyasi mavjud. Mahmud Murodovning 23 ta g‘alabasidan 15 tasi nokaut, 3 tasi esa raqibining taslimiyati bilan tugagan. Avval u Oktagon va XFN Yevropa ligalarida ishtirok etgan.
Avgustda Floyd Meyvezer Murodovning dunyoning eng yaxshi MMA kurashchisi deb atadi.

Video