Maktabgacha ta’lim vazirligi Bekoboddagi 15-sonli MTTdagi oziq- ovqatdan zaharlanish holatini chuqur o‘rganib chiqdi, deya xabar qildi MTV matbuot xizmati.

Avval xabar qilinganidek, 27 sentyabr kuni Bekobod shahar tibbiy birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga 19 nafar bola «O‘tkir diareya, gastroenterit» dastlabki tashhisi bilan keltirildi. Og‘ir holatlar qayd etilmagan, 3 bolaning holati o‘rta og‘irlikda, 15 nafariniki qoniqarli, bir bola uyga jo‘natilgan. Davolashdan so‘ng, bolalarning barchasida tuzalish tomon ijobiy dinamika kuzatilmoqda.

Ushbu ma’lumot yetib kelgan zahoti, Bekobodga maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislardan iborat ishchi guruhi jo‘natilgan.

Zaharlanish sababini aniqlash maqsadida suv, oziq-ovqat, oshxona jihozlari, xodimlar qo‘li va kiyimlaridan surtmalar, ovqatning sutkalik namunasi, shuningdek, kasalxonaga yotkazilgan bolalardan analizlar olingan. Barcha materiallar Davlat Sanitariya- Epidemiologiya Markaziga yuborilgan.

O‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:

  • MTT yangi maishiy muzlatgichlar bilan jixozlangan va ular ishchi holatida;
  • xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tganlar va sanitar kitobchasiga egalar;
  • MTT suv ta’minotida uzilishlar bo‘lib turadi. «Ariston» suv isitgichi ishchi holatida emas;
  • dezinfeksiya va yuvish vositalarining zahirasi mavjud bo‘lishiga qaramay xodimlar ularni ishlatmaydilar;
  • guruhlarda emallangan idish-tovoq yetarli emas;
  • guruhlarga ichimlik suvi qo‘yilmagan;
  • 27 sentyabr kun taomnomasiga bir-biriga mos kelmaydigan taomlar kiritilgan (bodring va kisel, quyultirilgan sut va olma);
  • O‘tkazilgan tekshiruv jarayoni ovqat tayyorlash bloki hamda guruhlarda sanitariya qoidalariga rioya qilinmaganligini ko‘rsatdi.

MTT faoliyati va epidemiologik tekshiruv natijalari asosida rahbar, hamshira va oziq-ovqat bloki mas’ul hodimlariga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan ma’muriy choralar ko‘rilishi mumkin.

Ayni vaqtda Bekobodning 15- sonli MTTSi faoliyati vaqtinchai to‘xtatilgan, tashkilotda yuvish va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.