28 sentyabr kuni O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH) o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv (DOAG) imzolandi, deya xabar qildi O‘zbkekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatni O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, AQSH elchixonasining muvaqqat vakili Alan Melsar va USAID ning Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Juli Sausfild imzoladi.

Mazkur kelishuvga asosan, AQSH hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimizga ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollargacha mablag‘ ajratadi.

AQSH mazkur kelishuv doirasida O‘zbekistonda ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ushbu mablag‘ning 19,5 million dollarga teng bo‘lgan birinchi qismini ajratdi.

Mazkur ikki tomonlama kelishuv AQSH va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi birinchi keng qamrovli grant shartnoma bo‘lib, u Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakat ta’lim sohasidagi taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash borasidagi uzoq muddatli majburiyatini belgilaydi.

Ushbu bitim asosida moliyalashtirilgan tadbirlar boshlang‘ich maktablarda o‘qish va matematikadan dars berish natijalarini yaxshilash, axborot texnologiyalaridan foydalanish hamda ingliz tilini o‘qitishda O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Xususan, loyiha Xalq ta’limi vazirligining o‘quvchilarning axborot texnologiyalari sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan «IT Nation» tashabbusini amalga oshirishda ilmiy asoslangan strategiya yaratishda ko‘mak beradi.

Ushbu loyiha prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning uchinchi qismini amalga oshirish hamda yangi tizimda ijtimoiy, ma’naviy va ma’rifiy ishlarni tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shadi. Besh tashabbusning uchinchi yo‘nalishi aholi va yoshlarni kompyuter hamda internetdan samarali foydalanishini tashkil etishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, ta’lim sohasidagi muammolardan biri o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini ob’ektiv baholash vositalarining yo‘qligidir. USAID agentligi ko‘magida yurtimiz umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘qish va matematika (EGRA i EGMA) fanlari bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Ushbu tadqiqotlar o‘g‘il-qizlarning bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlashga yordam beradi va ushbu muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Mazkur loyihaga USAID qo‘shimcha $1,5 mln ajratadi.

Shuningdek, USAID agentligi mazkur loyiha davomida Xalq ta’limi vazirligiga zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish yo‘llari bilan bir qatorda mamlakatimiz maktablarida ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishga qaratilgan «English speaking nation» dasturini amalga oshirishda yordam beradi. AQSHlik hamkorlar bu loyihani amalga oshirish uchun yana 5 mln dollar taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning may oyida O‘zbekiston xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan. Mazkur loyiha konsepsiyada nazarda tutilgan maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi.