25 sentyabr kuni tongda Qashqadaryo viloyatida «Damas» rusumli ikki avtotransport vositasining to‘qnashuvi natijasida mudhish yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Avtohalokat oqibatida jabrlangan va qurbon bo‘lganlar bor, deya xabar qildi O‘zA viloyat IIBBga tayangan holda.

YTH Qarshi tumanidagi Xonabod qishlog‘idan chiquvchi ikkinchi darajali yo‘lning «Qarshi — Shahrisabz» yo‘liga tutash qismida sodir bo‘ldi. Qarshi tumani Xonobod qishlog‘ida yashovchi Q.A. (1997 y. t.) boshqaruvidagi «Damas» «Xonobod — Qarshi» yo‘nalishida harakatlanib borayotganda qarama-qarshi tomondan kelayotgan fuqaro E.H. boshqaruvidagi «Damas» bilan katta tezlikda to‘qnashgan. To‘qnashuv natijasida kuchli yong‘in kelib chiqqan.

Hodisa natijasida 5 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 4 fuqaro omon qolgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.