Toshkent prokuraturasi poytaxtning Olmazor tumani hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jalik, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahobovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi, deya xabar qildi Kun.uz.

16 avgust kuni Kun.uz Abdurasul Vahobovning nashr muxbirlariga hujum qilgani haqida xabar bergan edi. Javob tariqasida hokim o‘rinbosari ommaga murojaat bilan chiqib, Kun.uz muxbiri Rahmatilla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif etgani haqidagi da’voni ilgari surdi.

Rahmatilla Isroilov esa Abdurasul Vahobov ilgari surayotgan ayblovlarni rad etib, o‘ziga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston prezidentining virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llagandi.

11 sentyabr kuni mazkur tergovga qadar tekshirish harakatlari nihoyasiga yetkazilgan va Abdurasul Vahobovning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi ikkinchi bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Prokuratura qarorida hokim o‘rinbosari va boshqa guvohlar ko‘rsatmalari keltirib o‘tilgan. Qayd etilishicha, Kun.uz muxbirlari tuman hokimi o‘rinbosari bilan suhbatda o‘zlarini tanishtirmagan va uning ruxsatisiz videotasvirga olgan. Abdurasul Vahobov tasvirchiga yaqinlashib, qo‘li bilan videokamerani to‘sib, suratga olmasligini aytganida, tasvirchi «urma, urma!» deb baqirgan. Hokim o‘rinbosari hech kimga tan jarohati yetkazmagani va haqorat qilmaganini tasdiqlagan.

Videotasvirchi Sherzod Egamberdiyev o‘z tushuntirish xatida hamkasbi Rahmatulla Isroilov bilan Olmazor tumani hokimiyatiga tashrifi vaqtida o‘zining xavfsizligi uchun videotasvirni yoqib qo‘yganini ma’lum qilgan.

Prokuratura qarori xulosasiga ko‘ra, Olmazor tuman hokimligi tomonidan hokim o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning xatti-harakatlari qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, u kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilgan.

Nashrning eslatishicha, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari»ning 12-bandida davlat xizmatchilari xushmuomala, iltifotli, odobli, e’tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shartligi, davlat xizmatchilari o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Qarorning 4-bandida esa odob-axloq qoidalari normalarining buzilishi qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy yoki boshqacha javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib hisoblanishi mumkin.

Shuningdek, Kun.uz prokuratura qarorida faqat Abdurasul Vahobovning hokimiyat binosida Kun.uz muxbirlariga tajovuzi bo‘yicha huquqiy baho berilgani, ammo uning videomurojaatidagi Rahmatulla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif qilgani haqidagi masala hamda R.Isroilovning A.Vahobov unga tuhmat qilayotgani haqidagi Bosh prokuror nomiga yo‘llagan murojaati bo‘yicha lom-mim deyilmaganidan taajjubda ekanini yozadi.

«Axir Kun.uz muxbiri R.Isroilovning Bosh prokurorga yo‘llagan murojaatining asosiy mazmuni aynan tuman hokimi o‘rinbosari unga ommaviy axborot vositalari orqali og‘ir jinoyatni sodir etishda tuhmat qilayotgani haqida edi-ku?» — deyiladi maqolada.