1 oktyabrdan boshlab O‘zbekiston hududida xalqaro plastik kartalardagi mablag‘larni bankomatlar orqali faqatgina milliy valyutada yechib olish mumkin, deya xabar qildi Markaziy bank. Avvalroq bu haqda birgina tijorat banki — «Ipak yo‘li» xabar bergan edi.

MB avgustdan aholiga qulayliklar yaratish hamda valyuta-ayriboshlash operatsiyalarini soddalashtirish uchun jismoniy shaxslarga — rezidentlarga tijorat banklarining ayriboshlash shoxobchalari orqali naqd valyuta sotish amaliyoti joriy etilganini qayd etib o‘tdi.

«Shu bilan birgalikda, amaliyotda mamlakat hududida jinoiy daromadlarni legallashtirish, jumladan norezidentlarning xalqaro plastik kartochkalaridan boshqa shaxslar tomonidan mablag‘ yechib olinishi bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni amalga oshirish xavfi yuzaga kelmoqda va bunday holatlar uchramoqda», — deya xabar qildi MB.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar milliy valyuta — so‘mda to‘lanishi kerak. Bundan tashqari, shunday xalqaro amaliyot ham mavjud, deyiladi xabarda.

Jismoniy shaxs — rezidentlar xalqaro plastik kartalardan naqd xorijiy valyutani bevosita tijorat banklaridan shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarini taqdim etgan holda yechib olishlari mumkin.

Jismoniy shaxslar — norezidentlarning sarflanmagan milliy valyuta mablag‘lari bankomatlar yoki ayirboshlash shoxobchalari orqali qonunchilikda belgilangan tartibda xorijiy valyutaga ayirboshlanadi.