O‘zbekiston tashqi qarzi yil boshidan 20 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga oshgan holda, 2019 yil 1 iyul holatiga 20,7 mlrd dollarni tashkil qildi. O‘zbekiston Markaziy banki e’lon qilgan 2019 yil I yarim yilligi uchun O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi to‘g‘risidagi tahlilida bu haqda so‘z boradi.

Umumiy tashqi qarz o‘sishining 3,088 mlrd dollari yoki 64 foizi davlat tashqi qarzi (13,174 mlrd dollar) hisoblanadi. Bu qarzning 1,018 mlrd dollari O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalar hisobiga shakllangan. Shuningdek, 330,3 mln dollar yoki 36 foiz o‘sish xususiy sektor tashqi qarziga (7,538 mlrd dollar) to‘g‘ri keladi.

Sektorlarning xususiy tashqi qarzdagi ulushlari:

  • Neft-gaz va energetika sektori — 5,167 mlrd dollar (-219,2 mln dollar);
  • Bank sektori — 1,398 mlrd dollar (+419,8 mln dollar);
  • Telekommunikatsiya sektori — 246,7 mlrd dollar (-1,5 mln dollar);
  • To‘qimachilik sektori — 139,4 mln dollar (+7,2 mln dollar);
  • Boshqa sektorlar — 587,4 mln dollar (+124 mln dollar).

O‘rganilayotgan davr mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 203,4 mln dollar miqdordagi asosiy qarz va 103,7 mln dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan. Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 706,6 mln dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 182,8 mln dollarni tashkil qildi. Bunda, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini hanuzgacha neft-gaz va energetika sektori korxonalari hamda banklar amalga oshirmoqda.

Jami tashqi qarzlarning 17,050 mlrd dollari yoki 82,3 foizi 10 yildan ortiq muddatga jalb qilingan qarzlardir.