Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Qozog‘istondan katta miqdordagi psixotrop tabletkalari va «Gerbalayf» biologik faol qo‘shimchalarni noqonuniy olib kirgan shaxslar ushlandi, deya xabar qildi O‘zA.

Aniqlanishicha, fuqarolar Jangildi Mapitov (1977 y.t.), Seytjan Sabirbayev (1982 y.t.), Umidjon Muhammedov (1985 y.t.) va Ziyovuddin Razzoqov (1981 y.t.) Qozog‘istonda yashovchi «Sakon» ismli shaxs bilan o‘zaro kelishib, kontrabanda bilan shug‘ullanishgan.

Tezkor tadbir davomida qonunbuzarlardan jami 961 million so‘mlik 2000 dona «Sonnat» psixotrop tabletkalari va 25 turdagi «Gerbalayf» biologik faol qo‘shimchalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, ushbu shaxslar onkologik kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan, lekin iste’molga yaroqsiz bo‘lgan ko‘p miqdordagi dori vositalarini ham olib kirishgan. Ular ushbu mahsulotlarni Toshkent shahrida sotishni rejalashtirishgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan DXX Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasiga (kontrabanda) muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil oktyabridan «Sonnat» tarkibida bo‘lgan zopiklon moddasi savdosi aylanmasi cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.