Prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni O‘zbekiston soliq siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi. Farmon bilan 1 okyatbrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushiriladi.

Hukumatga 2020 yilgi davlat byudjeti loyihasini tayyorlashda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisob-kitob qilish va to‘lashning soddalashtirilgan tartiblarini bekor qilish, divident shaklida to‘lanayotgan daromad solig‘i stavkalarini 15 foiz miqdorida saqlab qolgan holda yuridik shaxslar daromad solig‘ining bazaviy stavkasi o‘rnatilishini hisobga olish topshirildi.

Bundan tashqari, davlat korxonalari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy to‘lovni 25 foizdan 12 foizga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

1 oktyabrdan avval Moliya vazirligining byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazib kelingan yagona soliq to‘lovi Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetiga o‘tkazila boshlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 sentyabrda QQS stavkasini pasaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni topshirgan edi. Keyingi kuni esa Moliya vazirligi QQS stavkasini pasaytirish davlat byudjetiga tushumlarni yiliga 10 trln so‘m yoki YAIMning 2 foizi miqdorida kamayishiga olib kelishini ma’lum qildi.